19-sentabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning ziyorat turizmi imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish zarurligini ta’kidladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar qildi.
Qayd etilishicha, Moliya vazirligiga Buxoroda ziyorat turizmi obyektlari infratuzilmasini yaxshilash uchun mahalliy budjetga 40 milliard so‘m ajratish topshirilgan.
Turizm vazirligi oldiga ziyorat turizmi salohiyati yuqori Indoneziya, Malayziya, Hindiston, Pokiston, Bangladesh va arab davlatlaridan Samarqand, Buxoro va Toshkentga aviareyslarni ko‘paytirish vazifasi qo‘yilgan.
Mutasaddilarga mamlakatdagi 1 ming 200 dan ziyod ziyoratgohlar imkoniyatlarini to‘liq ishga solib, yiliga kamida 1 million sayyoh jalb qilish dasturini tasdiqlashga ko‘rsatma berilgan.
Ziyoratga kelayotgan turistlarning mazhabi, tariqati, yondashuvi har xilligini inobatga olib, qaysi din yoki mazhab vakillariga qanday ovqatlar taklif qilishni, mehmonxona va ibodat joylarini qanday jihozlashni ilmiy yondashuvlarsiz qilib bo‘lmasligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Muqaddas joylar, avliyo va pirlar haqida ma’lumot bera oladigan mutaxassislar va gidlar ham kamligi aytilgan.
Shu munosabat bilan Islom akademiyasi, “Ipak yo‘li” universitetiga muddatda ziyorat turizmi oqimi ko‘p bo‘lgan davlatlar uchun ilmiy asoslangan yondashuvlarni ishlab chiqish topshirilgan.
Izoh (0)