14-sentabr kuni Vladimir Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan qarshi hujum paytida ozod qilingan Xarkov viloyatining Izyum shahriga keldi. Tashrif davomida olingan suratlar Ukraina prezidentining rasmiy Telegram kanalida chop etildi.
“Avvallari yuqoriga qaraganimizda doim moviy osmonni qidirardik. Bugun esa yuqoridan faqat bir narsani — Ukraina bayrog‘ini izlayapmiz. Bizning ko‘k-sariq bayrog‘imiz ozod etilgan Izyumda allaqachon hilpirab turibdi. Ukrainaning barcha shahar va qishloqlarida shunday bo‘ladi. Biz faqat bitta yo‘nalishda — oldinga va g‘alaba sari harakat qilyapmiz”, — deya suratlar ostiga izoh yozgan Zelenskiy.
Izyum aprel boshida Rossiya qo‘shinlari tomonidan egallangan edi. Ukraina Qurolli kuchlari sentabr oyi boshida Xarkov va Xerson viloyatlarida boshlangan keng ko‘lamli qarshi hujum davomida shahar ustidan nazoratni qaytarib oldi. Izyum ma’muriyatining ma’lum qilishicha, shahar uchun janglar va okkupatsiya paytida kamida ming nafar mahalliy aholi halok bo‘lgan, bu hisobga tibbiy yordam olish imkoniyati yo‘qligi sabab vafot etganlar kiritilmagan.
Izoh (0)