Buyuk Britaniyadagi “Dorling Kindersley” xalqaro nashriyoti sayyohlar uchun mo‘ljallangan “Yaxshisi bu yoqqa keling” sayyohlik qo‘llanmasini chop etdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, ushbu qo‘llanmada O‘zbekiston sayyohlik brendining Buyuk Britaniyadagi elchisi Sofi Ibbotsonning mashhur Registon maydonida joylashgan va YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatidan joy olgan Samarqandning uchta ramziy diniy va me’moriy yodgorliklaridan biri — Tillakori madrasasi haqidagi maqolasi ham o‘rin olgan.
Muallif Tillakori madrasasini Vatikandagi Avliyo Pyotr soboriga muqobil bo‘lgan tarixiy yodgorlik sifatida ta’riflagan.
“Agar gap mutlaq hashamat haqida ketar ekan, ko‘zni qamashtiradigan bu madrasa sobordan ustunlikka egadir”, — deb yozadi u.
Maqolada XVII asrning o‘rtalarida harbiy qo‘mondon Yalangto‘sh Bahodir tomonidan bunyod etilgan Tillakori madrasasining tarixi va o‘ziga xosligi haqidagi batafsil ma’lumotlar o‘quvchilarning e’tiboriga havola qilingan. Ushbu me’moriy obida nega bunday nomlanishi, u nega sayohatchilar e’tiborini tortishi, noyob dizayni va boshqa barcha muhim tarixiy ma’lumotlar ushbu maqolada o‘z ifodasini topgan.
Izoh (0)