Londonning “Chelsi” jamoasi bosh murabbiy Tomas Tuxelni iste’foga chiqarganini ma’lum qildi.
“Aristokratlar” Chempionlar Ligasining 1-turida “Dinamo” Zagreb jamoasiga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Bu nemis mutaxassisining jamoa bosh murabbiyi sifatida 100-o‘yini edi.
Hozirda “Chelsi” APLda 6-o‘rinni egallab turibdi. Jamoa hisobida 3 ta g‘alaba, bitta durang va 2 ta mag‘lubiyat qayd etgan.
London klubi xo‘jayinlari 49 yoshli murabbiyning iste’fosi bo‘yicha bayonot berdi:
“‘Chelsi’ning barcha xodimlari nomidan Tomas va uning shtabiga mehnati uchun rahmat aytmoqchimiz. U murabbiy sifatida jamoa tarixidan joy oladi.
Yangi xo‘jayinlar klubda ish boshlaganiga 100 kun bo‘ldi. Ular klubni rivoji bo‘yicha qattiq mehnat qilmoqda. Rahbarlar murabbiyni almashtirish vaqti kelgan, deb hisoblaydi.
‘Chelsi’ murabbiylar shtabi jamoani keyingi o‘yinga tayyorlash va mashg‘ulotlarni o‘z zimmasiga oladi. Yangi murabbiyni tayinlash bo‘yicha tezkor ishlar olib borilmoqda.
Yangi murabbiy kelgunga qadar boshqa ma’lumotlar berilmaydi”.
Tuxel 2021-yil yanvar oyidan buyon klub bosh murabbiyi sifatida ishlab kelayotgan edi. Murabbiy “aristokratlar” bilan 2020/21-yilgi mavsum Chempionlar Ligasi, UEFA Superkubogi va Klublar o‘rtasidagi Jahon Chempionati sovrinini qo‘lga kiritgan.
“Chelsi”ning keyingi o‘yini 10-sentabr kuni safarda “Fulhem”ga qarshi bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)