Xorazm viloyati Urganch shahrida ishga kiritib qo‘yish evaziga pul talab qilgan shaxs ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, 30-avgust kuni Xorazm viloyati IIBga S.S. ismli shaxs ariza bilan murojaat qilgan. U Urganch temiryo‘l tashkilotida ishlovchi A. ismli shaxs o‘zining mansabdor tanishlari orqali uni temiryo‘l idoralaridan biriga ishga kiritib qo‘yish evaziga 3 ming dollar pul talab qilayotganini yozib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Arizaga asosan tadbir o‘tkazilgan. Jarayon davomida Urganch tumanida yashovchi R.A. (1996-yilda tug‘ilgan) arizachi fuqaro S.S.dan oldindan kelishilgan 3 ming dollar pullarni Urganch shahridagi choyxonada olgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)