Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Mixail Gorbachyovning davlat dafn marosimini o‘tkazish to‘g‘risida hozircha qaror qabul qilinmaganini aytdi.
“Hozircha aniq ayta olmayman. Bugun bu masala ko‘rib chiqiladi. Qaror qabul qilinadi. Hali hech qanday qaror qabul qilingani yo‘q”, — dedi Peskov jurnalistlarga.
U, shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning dafn marosimida qatnashish-qatnashmasligi haqidagi savolga shunday javob berdi:
“Hammasi qanday bo‘lishini hali bilmaymiz. Jarayon qarindoshlar va do‘stlarning xohishiga bog‘liq. Hozircha boshqa ma’lumot yo‘q”.
“Interfaks”ning ikki manbasi nashrga Gorbachyovning dafn marosimi davlat darajasida bo‘lmasligini aytgan.
SSSR sobiq prezidenti Mixail Gorbachyov uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng 30-avgust kuni kechqurun Markaziy klinik kasalxonada 91 yoshida vafot etdi. Gorbachyov fondi u Novodevichiye qabristonida rafiqasi yoniga dafn etilishini ma’lum qilgan.
Izoh (0)