Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom maymunchechak epidemiyasi sababli favqulodda holat e’lon qildi. Bu haqda shtat rahbarining matbuot xizmatiga tayanib, “RBK” xabar berdi.
“Nyusom maymunchechak epidemiyasiga qarshi kurash doirasida shtatda emlash ishlarini osonlashtirish maqsadida bugun favqulodda holat e’lon qildi”, — deyiladi xabarda.Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, shtatga chechakka qarshi 61,000 dozadan ortiq vaksina keltirilgan, shundan 25,000 dan ortig‘i aholini emlashga ishlatib bo‘lingan.
30-iyul kuni Nyu-York gubernatori Keti Xochul maymunchechak tarqalishi sababli favqulodda holat e’lon qilgan edi. Uning aniqlik kiritishicha, Qo‘shma Shtatlarda maymunchechak bilan kasallangan har to‘rt odamdan biri Nyu-York shtatiga to‘g‘ri kelmoqda.
AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlarining ma’lumotlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarda maymunchechak bilan kasallanish bo‘yicha jami 5811 ta holat aniqlangan, shundan 1390 tasi Nyu-Yorkda qayd etilgan. Kasallanish ko‘rsatkichi bo‘yicha ushbu shtat yetakchilik qilmoqda. Undan keyin Kaliforniya (827 kishi).
AQSH prezidenti Jo Bayden epidemiya sababli butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat joriy etish masalasini ko‘rib chiqmoqda, deb yozgandi The Washington Post manbalariga tayanib. 23-iyul kuni JSST maymunchechak epidemiyasini global sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda holat deb e’lon qilgan.
Izoh (0)