Shavkat Mirziyoyev 29-iyul kuni Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi “Astrum” akademiyasida IT sohasi vakillari bilan muloqoti chog‘ida barcha vazirlar, hokimlar va tarmoq rahbarlari, oliygohlar rektorlari raqamlashtirishni birinchi navbatdagi vazifalar qatoriga olib chiqishi lozimligini ta’kidladi.
Bu borada Adliya, Mehnat, Oliy va xalq ta’limi vazirliklari, soliq, bojxona idoralari, Navoiy kombinati, “Avtosanoat”, “Sanoat qurilish banki”da raqamlashtirish bo‘yicha natijalar borligi qayd etildi.
Lekin Transport, Energetika vazirliklari, Veterinariya qo‘mitasi, Uzbekistan Airports, “Temir yo‘llari”, “Agrosug‘urta”da ishlar ahvoli sustligi qayd etildi.
“Xorijiy korxonalar yoshlarimizga ishonch bildirib, joriy yilning o‘zida 100 million dollarlik xizmatlarga buyurtma bergan. Lekin mahalliy korxonalarimiz buyurtmalari bundan ancha kam. Bundan tashqari, hududlarda yoshlarni eksport bozorlariga chiqishga ko‘maklashadigan tizim yaratishimiz shart va zarur”, — dedi prezident so‘zining yakunida.
Avvalroq O‘zbekistonda internet qamrovi va sifati keskin oshirilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, prezident hokimlarga IT akademiyalar tashkil etishga oid topshiriq bergani ma’lum qilingan.
Izoh (0)