Markaziy bank O‘zbekistondagi ko‘chmas mulk bozorining umumiy ko‘rinishi haqida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, ijara uy-joy bozoridagi faollik indeksi joriy yilning ikkinchi choragida oshdi. Bu asosan mavsumiylik bilan bog‘liq omildir.
Ijara uylariga talab ortishi ikkinchi chorakda sayyohlarning sezilarli oqimi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bunda o‘sishga asosan Rossiya va Belarusdan kelganlar katta hissa qo‘shdi.
May-iyun oylarida so‘mdagi ijara narxlari barqaror saqlanib qoldi.
Bunda may oyida ijaraga olingan turar joyning kvadrat metri narxi oldingi oyga nisbatan o‘zgarmadi. Iyun oyida esa 0,5 foizlik o‘sish kuzatildi.
Ijara uylarining dollardagi narxlari may oyida 1,7 foizga, iyun oyida esa 2,1 foizga qimmatladi.
Uy sotib olish va sotish bo‘yicha bitimlar soni ikkinchi chorakda 81,9 mingtaga yetdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,2 foizga ko‘pdir.
Toshkent viloyatidan tashqari (kichik pasayish -2,8 foiz) barcha viloyatlarda ko‘chmas mulk operatsiyalari soni oshdi.
Tugallangan savdo shartnomalaridagi eng katta o‘sish Xorazmda kuzatildi — 27,8 foiz.
Navoiy viloyatida bu ko‘rsatkich 17 foiz bo‘lgan bo‘lsa, Jizzaxda 16,8 foiz bo‘lib qayd etilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda eski uylar narxi dollarda 6,2 foizga oshgan edi.
Izoh (0)