Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi o‘z vakolati doirasida sport tadbirida namoyish etilgan “1xbet” savdo belgisi haqidagi murojaatni o‘rganib chiqdi.
“Zo‘r TV” telekanali orqali 10-iyun, soat 17:15 da Qozog‘istonning Olmaota shahrida tashkil etilgan aralash yakkakurash turlari bo‘yicha “Octagon 31” sport tadbiri to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatilgan.
Ushbu sport tadbiri “1xbet” savdo belgisi hamkorligida tashkil etilganligi va unda belgi yaqqol namoyish qilingani aniqlangan.
O‘zbekiston hududida qimor o‘yinlarini va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish taqiqlangan.
Shu bois “Zo‘r TV”ga qonun buzilish holatlarining oldini olish yuzasidan tegishli ko‘rsatma berildi.
Umuman olganda, agentlik 2021—2022-yillarda ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar va tashqi reklama vositalari orqali totalizator va bukmekerlik xizmatlariga doir 348 ta reklama aniqlagan va 32 ta saytni bloklagan.
Avvalroq O‘zbekistonda bukmekerlik faoliyatini qonuniylashtirish bekor qilingan edi.
Izoh (0)