Sentabr oyida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekistonga tashrif buyurib, Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sammitida ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Belarus bosh vaziri Roman Golovchenkoga tayanib, Sputnik xabar berdi.
Shuningdek, Toshkentda Belarus prezidenti O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan ham ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazadi.
Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti 2022-yil 15—16-sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham tashkilotning Samarqandda o‘tkaziladigan sammitida ishtirok etishi ma’lum qilingandi.
Ma’lumot uchun, Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti Eron 2021-yil sentabrida tashkilotga to‘laqonli ishtirokchi sifatida qo‘shilganidan beri birinchisi bo‘ladi. SHHTga a’zo davlatlar: O‘zbekiston, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Pokiston, Hindiston va Eron. Afg‘oniston, Mo‘g‘uliston va Belarus tashkilotda kuzatuvchi, Turkiya esa muloqot bo‘yicha hamkor sifatida ishtirok etadi.
Sammitda tashkilotga a’zo ko‘plab davlatlar bilan umumiy chegaraga ega Afg‘onistondagi vaziyat har tomonlama muhokama qilinadi va muhim qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda.
Izoh (0)