7-iyun kuni Andijon viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilov budjet mablag‘larini talon-toroj qilinishi holati bo‘yicha gumondorlardan biri sifatida hibsga olingan. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
Xalq ta’limi boshqarmasida ishlovchi “Daryo” manbasining ma’lum qilishicha, boshqarma boshlig‘i 7-iyun kuni budjet mablag‘larining talon-toroj qilinishi holati bo‘yicha tergovga chaqirtirilgan va gumonlanuvchi tariqasida protsessual tartibda ushlangan.
Ma’lum qilinishicha, Azizbek Mirkomilov Andijon shahri hokimining qamoqqa olinishiga sabab bo‘lgan jinoiy ish — budjetning 48 milliard so‘mini talon-toroj qilishda gumondor sifatida ko‘rilmoqda.
Bosh prokuratura tomonidan olib borilayotgan tergov ishi doirasida 37 nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilgan. Ayni kunga qadar yetkazilgan zararning 23 foizi qoplangan.
Ma’lumot uchun, Mirkomilov 2020-yil fevral oyidan buyon Andijon viloyat xalq ta’limi boshqarmasini boshqarib kelmoqda. Unga qadar esa viloyat hokimligida kotibiyat mudiri sifatida ishlab kelgan.
Izoh (0)