Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 2-iyun kuni tor doirada uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, davlat rahbarlari O‘zbekiston—Tojikiston hamkorligini kengaytirish masalalarini muhokama qilgan. Muzokaralarda asosiy e’tibor ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikning kun tartibini kengaytirish masalalariga qaratilgan.
Davlat rahbarlari ko‘p qirrali O‘zbekiston—Tojikiston strategik sherikligini yanada rivojlantirish yo‘lidan qat’iy borishlarini tasdiqlagan. Savdoni faol kengaytirish va sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, ikki mamlakatning logistika va tranzit imkoniyatlarini rivojlantirish hamda suv energetikasi loyihalarini amalga oshirish orqali munosabatlarni yangi amaliy mazmun bilan boyitishga tayyor ekanini bildirgan.
Mintaqaviy va xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashilgan. Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari muhokama qilingan. Ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga tomonlarning intilishi qat’iy ekani ta’kidlangan.
31-may kuni Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon joriy yil 2—3-iyun kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lishi haqida xabar berildi.
Emomali Rahmon 2-iyun kuni ertalab Toshkentga yetib keldi. U yo‘lovchi reyslarini bajaruvchi samolyotdan foydalangan. “Sputnik Tojikiston”ning qayd etishicha, Tojikiston rahbari budjet pullarini iqtisod qilish uchun shaxsiy samolyot sotib olishni istamagan.
Toshkent xalqaro aeroportida uni prezident Shavkat Mirziyoyev kutib olgan. Yetakchilar o‘rtasida qisqa suhbat bo‘lib o‘tgan.
So‘ng Ko‘ksaroyda Emomali Rahmonni rasmiy kutib olish marosimi o‘tkazilgan. Marosimda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari a’zolari ham ishtirok etgan.
Izoh (0)