Prezident Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyati Furqat tumanidagi “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasiga tashrifi paytida hunarmand bo‘lib ko‘ringan shogird Furqat tumani hokimi haydovchisi bo‘lib chiqdi. Bu haqda “Daryo”ga tuman hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, hokim haydovchisi Ilhomjon Ahmadjonov haydovchilikdan tashqari naqqoshlik, duradgorlik ham qiladi.
Furqat tumani hokimligi axborot xizmatining ma’lumot berishicha, prezident axborot xizmati taqdim etgan suratlarda korxonada faoliyat yurituvchi shogirdlardan biri sifatida ko‘rinish bergan Ilhomjon Ahmadjonovning oilaviy ustaxonasi ham bor.
“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan manba Ilhomjon Ahmadjonov “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasida umuman faoliyat yuritmasligini, shuningdek, O‘zbekiston xalq ustasi Muhammadali Yunusovning shogirdi bo‘lmaganini aytmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda, shuningdek, mazkur ustaxonada faoliyat yuritishi aytilgan yana bir shogirdning maktabda o‘qituvchi ekani, gapga usta bo‘lgani bois shogird sifatida ko‘rinish bergani ma’lum qilingan.
“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan Furqat tumani hokimligi axborot xizmati rahbari ijtimoiy tarmoqda berilayotgan savollarga tez orada videojavob berilishini aytgan.
Izoh (0)