Tarix — hayot takrorlardan iborat ekani haqida saboq beruvchi eng yaxshi ustoz; har kunlik bu saboqlardan doim ham vaqtida va to‘g‘ri xulosalar chiqarilmasa-da, tarix baribir eng yaxshi ustozligicha qolaveradi.

Ham O‘zbekistonning, ham jahonning bundan 90, 60 va 30 yil avvalgi manzarasiga o‘zbek matbuoti ko‘zi bilan imkon qadar nazar solish ham qiziq, ham foydali ko‘rindi. Bundan o‘n yillar avval aynan bugungi sanada nimalar bo‘lgan, davr matbuoti ular haqida nima deb yozgan, jamoatchilikning munosabati qanday edi — bularning barini “Kun matbuoti tarixi” rukni orqali kuzatib borish mumkin.

Rukn materiallari har kuni tong soat 7:30 da e’lon qilinadi.

90 yil avval. 12-may, payshanba

“Hayajonga, panikaga berilishga o‘rin yo‘q. Hayajonga tushib, dushman oldida qo‘l qo‘shurib qolish bolsheviklar sha’niga loyiq emas. Kurashni va ommani kurashga uyushtirish kerak. Uyushgan, intizomli va nima uchun kurashganini bilgna qo‘shinga hech qanday yov qo‘rqinch bo‘la olmaydi” — bu “Chigirtka qarshi hayajonsiz, uyushib kurashuv lozim” rukni ostida berilgan “Chigirtka bilan kurashga” sarlavhali materialdan iqtibos edi.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 12-may sonidan lavha

“Toshkent hali shturmga qo‘shilgani yo‘q” sarlavhali xabardan iqtibos: “Mablag‘ to‘plashda O‘zbekistonning asosiy shahari Toshkentdir. Ikkinchi kvartalda Toshkent butun jumhuriyat planining taxminan 25 protsentini to‘plashi kerak. Shunga qaramasdan, Toshkent O‘zbekistonning boshqa shahar va rayonlaridan orqada qolib boradi. Toshkentda va uning to‘rt rayonida kvartal plani aprel oyi ichida kooperatsiya tomonidan 11 protsent, omonat ishlari va davlat krediti bo‘yicha 31 protsent bajarilgan”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 12-may sonidan lavha

Fransiya prezidenti o‘ldirilgan dastlabki kunlarda sovet gazetalarining nuqtai nazari boshqacharoq, bu voqea atrofidagi xabar-maqolalar ko‘proq hamdardlik kayfiyatiga yaqinroq bir tusda edi. Ammo kun o‘tgani sayin, sarlavhalar harorati o‘sib bormoqda. O‘zingiz bir ko‘ring-da sarlavhalarni: “Fransiyada yangi yolg‘onlar”, “Gorgulov kompartiyaning a’zosi bo‘lgan emas va bo‘lishi ham mumkin emas edi”, “Dumerning o‘ldirilishidan Sho‘rolarga qarshi kampaniyani kuchaytirish uchun foydalanadilar”, “Gorgulovning bolshevik ta’siri ostida bo‘lganiga hech qanday dalil yo‘q”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 12-may sonidan lavha

Shu vaqtgacha nuqul Yaponiyaning Xitoyga hujumi yoki Yevropadagi “ezilgan xalq” noroziliklari asosiy mavzu bo‘lib kelardi. “Qizil O‘zbekiston”ning 12-may sonida “Yaqin Sharqda urush tayyorliqlari” sarlavhasi ostida dunyoning ushbu mintaqasidagi vaziyatga sovetlar ko‘zi bilan tayyorlangan sharh berilgan. Unda, jumladan, shunday deyiladi: “Falastin va Mesopotamiyada ham arab qabilalarining feodal boshliqlari bilan ‘bitim’ tuzish harakati davom qiladi, shu bilan bir vaqtda Britaniya imperializmining bosh suyanchig‘i bolgan sionistlarning siyosatiga to‘la yordam ko‘rsatiladi”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 12-may sonidan lavha

Gazetaning so‘nggi sahifasida esa, odatdagidek, prokuror Badriddinov sudi tafsilotlari. Bu galgi reportaj “badriddinovchilik”ka aloqador boshqa “aybdor”lar so‘rog‘iga bag‘ishlangan. Unda bir e’tiborga molik savol-javob bor: sud raisi guvoh Alimovdan so‘rayapti: “Sinfiy dushman qo‘lida o‘lgan ishchi-dehqon muxbirlari O‘zbekistonda qancha sonni tashkil qiladirlar?”. Guvohning javobi: “Birgina 1930-yilning o‘zida, to‘rt oyning ichida Farg‘ona vodiysidan 5 muxbir o‘ldirildi. Xususan, og‘zaki ma’lumot beruvchi (uskor) Ziyovutdin aka kuppa-kunduzi dushmanlar tomonidan so‘yib tashlandi”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 12-may sonidan lavha

60 yil avval. 12-may, shanba

O‘zi to‘rt sahifalik “Qizil O‘zbekiston” gazetasining bugungi sonida SSSR yetakchisi Nikita Xrushchyovning 10-may kuni Butunittifoq temiryo‘l transporti xodimlari kengashidagi nutqi ikki yarim sahifa joy olgan. Xrushchyov nutqi davomida sohaning o‘tmishdagi rahbarlari — o‘z safdoshlari bo‘lgan Molotov va Kaganovichning ustidan rosa kulgan.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 12-may sonidan lavha

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 12-may sonidan lavha

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 12-may sonidan lavha

Shuningdek, mamlakat olimlariga quyidagicha istehzo bilan bildirgan fikrlari ham kam emas. Masalan, quyidagi lavhada Nikita Sergeyevich: “Amerika Oyga apparat yo raketa uchirishni hali ham eplay olgani yo‘q, Oydagi vimpelimiz necha zamondan beri ‘Amerikalik sherigim qachon yetib kelarkin?’ deb kutib yotibdi, buning uchun olimlarimizga rahmat — sizlarga gap yo‘q, lekin shuncha yuksak narsani o‘ylab topolgan olimlarimiz nega temiryo‘l quruvchilarning ishini yengillashtiradigan bir texnika yasab bermaydi?”, degandek bo‘ladi.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 12-may sonidan lavha

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 12-may sonidan lavha

“O‘zbekiston mehnatkashlari ham, dedi tinchlikni himoya qilish O‘zbekiston komiteti raisi S.Nuriddinov, qattiq xalqaro nazorat ostida yoppasiga va batamom qurolsizlanish to‘g‘risida Sovet hukumatining qilgan taklifini yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlamoqdalar. G‘arbiy davlatlarning hukumatlari urush xavfini abadiy tugata oladigan, Yer yuzining hamma xalqlariga progress va tinch hayot uchun mustahkam sharoitni ta’minlaydigan shu g‘oyat insonparvarlik takliflarining qabul etilishiga AQSh rahbarlarining farmoyishiga amal qilib, qarshilik ko‘rsatayotgani shahar va qishloq mehnatkashlarining g‘azabini kuchaytirmoqda”. Bu — “Urushlarni tugatish — kommunizmning tarixiy vazifasidir” materialidan iqtibos edi.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 12-may sonidan lavha

Xorijda nima gap?

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 12-may sonidan lavha

30 yil avval. 12-may, seshanba

.O‘zbekiston parlamenti Rayosati qarorlari bilan O‘zbekistondagi bir qator hududlarning nomlari o‘zgarmoqda. Masalan, Toshkentda Kirov rayoni Yunusobod, Kuybishev rayoni Mirzo Ulug‘bek, Lenin rayoni Mirobod, Oktyabr rayoni Shayxontohur va Frunze rayoni Yakkasaroy deb qayta nomlanmoqda:

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1992-yil 12-may sonidan lavha

Farg‘ona viloyatidagi Kirov rayoni Beshariq, Leningrad rayoni Uchko‘prik, Frunze rayoni Dang‘ara deb, Samarqand viloyatidagi Krasnogvardeysk shahri Bulung‘ur, Bolshevik rayoni Go‘zalkent (keyinchalik, 2001-yilda bu tuman Pastdarg‘omga qo‘shib yuborilgan), Sovetobod rayoni esa Nurobod deb qayta nomlanmoqda:

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 1992-yil 12-may sonidan lavha

“Sirdaryo viloyati hokimining iltimosi qondirilib, Ilich rayonining nomi Sharof Rashidov rayoni deb o‘zgartirilsin”, — deyiladi navbatdagi qarorda (o‘sha vaqtda bunday takliflar ko‘p bo‘lgan). Bu tuman nomi 2004-yilda yana o‘zgartiriladi — Sharof Rashidov nomi olib tashlanib, tumanga Sardoba nomi beriladi (2020-yilga kelib u O‘zbekistondagi eng mashhur hududlardan biriga aylanadi). Sharof Rashidov nomi 2016-yil dekabrida Jizzax viloyatidagi Jizzax tumaniga berildi.

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 1992-yil 12-may sonidan lavha

Ashxobodda 9—10-may kunlari O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Eron, Turkiya va Pokiston davlat va hukumat rahbarlari uchrashuvi bo‘lib o‘tgan, unda prezident Islom Karimov ham qatnashgan.

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 1992-yil 12-may sonidan lavha

11-may kuni AQShning Toshkentdagi elchixonasiga bir fuqaro bostirib kirib, uchastka militsioneridan tortib olgan qurol bilan do‘q qilganicha, elchixona xonalaridan biriga qamalib olgan hamda “muftiy bilan uchrashtirishni talab qilgan”. Ko‘p o‘tmay uni qo‘lga tushirishgan: “Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u 1956-yilda tug‘ilgan, militsiya zobiti nomiga dog‘ tushirganligi uchun 1986-yilda ishdan haydalgan va hozirda hech qayerda ishlamaydigan Abdusattor Mirzakarimovdir”.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1992-yil 12-may sonidan lavha

“Xalq so‘zi”ning Samarqanddagi muxbiri Habib Temir davlat tili to‘g‘risidagi qonun talablari qanchalik bajarilayotgani haqidagi maqolasida “ko‘pgina korxonalar, tashkilot va muassasalarda 90 foiz ish hamon rus tilida yuritilayotgani” yuqori tashkilotlar tomonidan ham tanqid qilinayotganini ta’kidlab, “mahalliy amaldorlardan birining xizmatxonasi”da bo‘lgan gapni yozgan. “Ho‘v, uka, — dedi u amaldor kerishib, — bu gaplar hammasi vaqtinchalik. Kerak bo‘lsa hali SSSR ham tiklanadi. KPSS ham, Siyosiy byuro ham tiklanadi. Siz bilan o‘shanda gaplashamiz”.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1992-yil 12-may sonidan lavha

Xorijda nima gap? Kavkazda vaziyat og‘ir.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1992-yil 12-may sonidan lavha

Leninning hali ham ko‘milmagan murdasini 10 million dollarga sotib olishga tayyor xaridorlar chiqmoqda.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1992-yil 12-may sonidan lavha

1992-yilgi “Xalq so‘zi” gazetasi yangi Afg‘onistondagi yangi tartiblardan hayratda, buni sarlavhadanoq sezish mumkin: “Hatto pivoyam ichilmaydi”.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1992-yil 12-may sonidan lavha

Ushbu material huquqlari mualliflarida saqlangan holda e’lon qilish sharti bilan “Daryo” internet-nashriga taqdim etildi.