Jonivorlar gibridlashgan holatlar ko‘p uchrab turadi. Bu ba’zan tabiiy ravishda ro‘y bersa, ba’zan odam aralashuvi bilan amalga oshadi. “Daryo” shu kabi tajribalar natijasida dunyoga kelgan hayvonlar haqida hikoya qiladi.

Afrikalashgan asalari

Foto: Wikipedia

Afrikalashgan asalarilar

Afrikalashgan asalarilar Afrika arilarining (Apis mellifera scutellata) Yevropada keng tarqalgan ari turlari bilan chatishuvidan hosil bo‘lgan.

Afrikalashgan asalarilar 1956-yili Braziliyada o‘tkazilgan tajriba davomida yetishtirilgan. Braziliyalik entomolog va genetik Uorik Kerr asalarichilarning iltimosiga binoan Tanzaniyadan Afrika asalarilarini olib keladi. Kerr bu turdagi asalarini chatishtirish orqali Braziliyaning issiq iqlimiga chidamliroq ari turini yaratishni niyat qilgandi.

Ularni chatishtirish bo‘yicha tajribalar Rio-Klara universiteti genetik markazidagi maxsus laboratoriyada o‘tkaziladi. Tajriba bir yil davomida muvaffaqiyat bilan amalga oshiriladi. Lekin noma’lum sabablarga ko‘ra, arilar iniga o‘rnatilgan maxsus himoya to‘siqlari olib tashlanadi va arilar laboratoriyadan chiqib ketadi.

1960-yillar boshida odamlar va chorva mollariga arilar hujumi avj ola boshlaydi. Keyinroq bu hujumlar o‘sha laboratoriyadan qochib chiqqan duragay arilar tomonidan amalga oshirilayotgani ma’lum bo‘ladi. Ular ozodlikda boshqa turdagi arilar bilan ham chatishib, hududlar bo‘ylab keng tarqalishga ulgurgandi. Bu tajovuzkor arilar mahalliy xalq orasida “qotil arilar” nomini oladi. Keyinchalik esa “Afrikalashgan asalarilar” (Africanised honey bees) nomi berilgan.

Yaglion

Yaglion (Panthera jaglion) erkak yaguar va urg‘ochi sher chatishuvidan hosil bo‘lgan tur. Bu yirtqichning tanasi sher rangida va yaguarning jigarrang dog‘lari bilan qoplangan. Kattaligi ham ota-onasining o‘lchamlari o‘rtasidagi oraliqda joylashgan bo‘lib, erkagining uzunligi (dumi bilan birga) 265 santimetrgacha yetishi, vazni esa 165 kilogrammdan oshishi mumkin. Urg‘ochisi erkagidan, taxminan, 25 foizga kichikroq: og‘irligi 120 kilogramm va uzunligi 235 santimetrdan oshmaydi. Erkak va urg‘ochisining balandligi ota-onasining balandligiga qarab 70 dan 100 santimetrgacha yetadi. Otasi melanistik (qora mo‘ynali) yaguar bo‘lsa, unda yaglionlar melanik gen bilan tug‘ilishi mumkin.

2006-yil 9-aprelda Kanadaning Ontario shtatidagi Bear Creek yovvoyi tabiat qo‘riqxonasida ikkita yaglion tug‘ilgan. Ularning ota-onasi — urg‘ochi sher Lola va qora yaguar Diablo. Yaglionlarning Jazara laqablisi urg‘ochi, Sunami laqablisi esa erkakdir. Ular yaglionlarning yagona tirik vakili hisoblanadi.

Belgiya ko‘k sigiri

Ko‘pchilik Belgiya ko‘k sigirining suratini birinchi marta ko‘rganda uni fotoshop deb o‘ylaydi, chunki ular og‘ir atletikachilarni yodga soladi. Bu sigirlarning o‘ziga xosligi yirik mushakdor tanalarida. Ularning mushagi genetik o‘zgarishlar tufayli butun umri davomida o‘sishdan to‘xtamaydi. Buqalarining vazni 1400 kilogrammgacha yetishi mumkin.

Sigirlarning rangi ko‘kish, oq yoki oqish kulrang bo‘lishi mumkin. Ko‘k rangli turi ko‘p uchragani uchun ko‘k deb ataladi. Ular issiq mamlakatlarda yetishtiriladi, shu sababli terisi deyarli junsiz va yupqa.

Belgiya sigirining tashqi ko‘rinishi ko‘pchilikni qo‘rqitsa-da, aslida u yuvosh va aqllidir. U kamdan kam hollarda o‘zini tajovuzkor tutishi mumkin, shu sababli uni boqish ancha oson.

Ko‘k sigirlar XIX asrda ko‘paytirila boshlangan. Chorvadorlar qizil-olachipor sigir va ingliz olachipor sersut qoramollarini qisqa oyoqli buqalar bilan chatishtirishga qaror qiladi. Ko‘plab tajribalar o‘tkazilganidan so‘ng gavdasi past qoramollar vujudga keladi.

Lyej shahrida o‘tkazilgan sun’iy urug‘lantirish bo‘yicha tajribalar natijasida yirik mushaklar hosil bo‘ladi va “Belgiya ko‘k sigiri” nomli yangi sigir zoti yetishtiriladi. Bu turdagi sigirlar Belgiya, Germaniya, Fransiya va AQSHda keng tarqalgan.

Grolar ayig‘i

Qutb ayiqlari va grizlilar (G‘arbiy Kanada va Alyaskada uchraydigan qo‘ng‘ir ayiq turi) genetik jihatdan juda o‘xshash bo‘lib, unumdor nasl berishi mumkin.

Jigarrang va oq ayiq chatishmasidan birinchi ayiq ilk bor Germaniyaning Halle shahridagi hayvonot bog‘ida dunyoga kelgan. U yerda 1874-yildan boshlab shu turdagi duragay nasllar tug‘ila boshlagan. Keyinroq London hayvonot bog‘ida ham bu ayiqchalarni uchratish mumkin bo‘lgan. Halledan keltirilgan duragay ayiqlar ancha nasldor. Ular tug‘ilgan vaqtda oq rangda bo‘lgan, keyinchalik esa ko‘kish-jigarrang yoki sarg‘ish-jigarrang tusga kirgan.

Yovvoyi tabiatda bunday chatishish faqat uch marta kuzatilgan. Jigarrang va qutb ayiqlari genetik jihatdan o‘xshash va ko‘pincha bir yerda yashasa-da, o‘zaro aralashib ketmagan. Ba’zi olimlarning ta’kidlashicha, global isish tufayli oq ayiqlar kattaroq hududlarni o‘zlashtirishga majbur bo‘ladi. Ular dengiz qirg‘oqlaridan 100 kilometr nariga yoki undan ham ko‘proq masofaga ko‘chib o‘tishi mumkin. So‘nggi o‘n yil ichida Kanadadagi faqat oq ayiqlar yashaydigan hududlarga grizli ayiqlari ham ko‘chib o‘ta boshlagani qayd etilgan. Bu o‘zgarishlar yovvoyi tabiatda gibridlashgan ayiqlar yanada ko‘payishiga olib kelishi mumkin.

Emlovchi chivin

Chivinlar kasallik tarqatish o‘rniga foydali vaksinalar tarqatishi ham mumkin. Bu g‘oyani Shigeto Yoshida boshchiligidagi yapon genetiklari guruhi ilgari suradi.

Chivin chaqqan vaqtda o‘zining antikoaglyutant xususiyatga ega bo‘lgan so‘lagining kichik dozasini yuborib, qon erta ivib qolishining oldini oladi. Yapon olimlariga ko‘ra, so‘lak tarkibini o‘zgartirish, ya’ni unga immunitet reaksiyasini qo‘zg‘aydigan antigen qo‘shish mumkin.

Ular chivindagi so‘lak oqsillari bilan bog‘liq genlar faoliyatini tartibga soluvchi DNK nuqtasini aniqlaydi. Olimlar unga hasharotlardan yuqadigan leyshmanioz kasalligiga qarshi istiqbolli vaksina bo‘lgan SP15 antigen oqsilini kodlovchi genni qo‘shadi.

Geni o‘zgartirilgan chivinlar chindan ham vaksina ishlab chiqara boshlaydi. Ularga sichqonni chaqtirib ko‘rilganda esa sichqon qonida SP15 ga qarshi samarali antitanalar paydo bo‘lgani aniqlanadi.

Biroq antitanalar soni uncha ko‘p emasdi va hali oldinda bu sichqonlar kasallikka qanchalik chidamli ekanligini sinab ko‘rish vazifasi turardi. Bunday tajriba o‘tkazish uchun asbob-uskunalar yetarli emasligi sababli ish sekinlashadi.

Darvoqe, laboratoriyadagi har bir sichqonni o‘rtacha 1500 marta chivin chaqadi. Bu raqam juda katta tuyulishi mumkin, ammo tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bezgak kasalligi keng tarqalgan joylarda chivinlar odamni har kecha, taxminan, yuz marta chaqadi.

Tajribalar muvaffaqiyatli chiqqaniga qaramay, chivinlar bilan emlash tajribasi hali ommaviy ravishda amalga oshirilmagan.

Patsiz tovuqlar

Patsiz parrandalar yetishtirish g‘oyasi bir qarashda g‘alati ko‘rinsa-da, buning ortida aniq maqsad yotibdi. Yozgi jazirama havo 50 darajadan oshadigan janubiy mintaqalarda chindan bunga katta ehtiyoj bor.

Isroilda jazirama tufayli uylarda va fermer xo‘jaliklarida har yili 10 mingga yaqin tovuq nobud bo‘lardi. Hatto eng chidamlilari ham bu issiqqa bardosh bera olmasdi. Aynan shu narsa mahalliy olimlarni issiq iqlim sharoitiga mos keladigan duragay yaratishga undaydi.

Bu ishga isroillik taniqli seleksioner Avigdor Kohaner bosh bo‘ladi. U genetik asos sifatida yalang bo‘yinli va siyrak patli parrandalar bilan chatishtirilgan broylerlardan foydalangan. Tajriba davomida har bir yangi nasldan eng yalang patlilari tanlab olinardi va bu 25 yil davom etadi. Oxiri tovuqlar patdan butunlay xalos bo‘ladi.

Lekin bu ham yakuniy natija emasdi. Zotni mustahkamlash kerak edi va bu jarayon yana to‘qqiz yil davom etadi. Asli kutilgan natijaga ertaroq erishish mumkin bo‘lgan, lekin mablag‘ yetishmovchiligi tufayli ish orqaga surilgan.

Yangi tur bir qancha afzalliklari tufayli isroillik fermerlar orasida mashhurlikka erishadi. Yalang‘och tovuqlar jaziramaga chidamli, yaxshi immunitetga ega, parazitlardan qo‘rqmaydi. So‘yilganidan so‘ng tanasini patlardan tozalash ham shart emas. Boshqa tomondan, duragay tovuqlarning o‘ziga yarasha kamchiliklari ham bor. U tuxum bosish instinktidan butunlay mahrum, pravoslav yahudiylar esa bunday tovuqlarni iste’mol qilishdan bosh tortadi.

Quloq sichqon

Transplantatsiyaning dahshatli kelajagini shu tajribada ko‘rish mumkin. Amerikalik jarroh Charlz Vakanti biogenetik Jeffri Bronshteyn bilan birgalikda laboratoriya sichqonchasining tanasida odam qulog‘ini o‘stiradi.

Vakanti ilk bor 1989-yilda biologik parchalanadigan karkas ichida tog‘ay o‘stirgandi. Bu ish yetakchi ilmiy jurnallar tomonidan rad etiladi, chunki amaliy ahamiyatga ega emas deb hisoblangandi. 1997-yilda esa Vakanti va uning Massachusets universitetidagi hamkasblari sichqon tanasining orqa qismida odam qulog‘iga o‘xshash tog‘ayni o‘stirishga muvaffaq bo‘ladi. Earmouse (quloq sichqon) katta shov-shuvga sabab bo‘ladi. 1998-yilda esa Vakanti boshchiligidagi jamoa Massachusets shtatida 12 yoshli Shon Makkormak uchun ko‘krak plastinkasini o‘stiradi. Bosh barmog‘i ezilgan Raul Mursiyaning barmoq suyagi shu yo‘l bilan almashtiriladi. Vakanti yetakchiligida shu kabi bir qator amaliyotlar muvaffaqiyatli bajarilgan.