Britaniya armiyasining 8 mingga yaqin xodimi Sharqiy Yevropadagi mashg‘ulotlarda qatnashadi, mashg‘ulotlar maqsadi “Rossiya agressiyasiga qarshi kurash bo‘yicha harakatlarni ishlab chiqish”, deb yozadi The Guardian. Manyovrlar yozda bo‘lib o‘tadi, ular Sovuq urushdan keyingi eng yiriklaridan biri bo‘ladi.
Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi mashg‘ulotlar ancha avval rejalashtirilganini, Rossiya harbiylarining Ukrainadagi amaliyoti tufayli ularga tayyorgarlik tezlashtirilganini ma’lum qildi.
Mashqlar Finlyandiyadan Shimoliy Makedoniyagacha bo‘lgan qator mamlakatlarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan, ularda NATO davlatlaridan o‘n minglab harbiy xizmatchilar va Birlashgan ekspeditsiya kuchlari (tashkilot 2014-yilda tuzilgan, uning tarkibiga Buyuk Britaniya, Daniya, Estoniya, Finlyandiya, Islandiya, Latviya, Litva, Niderlandiya, Norvegiya va Shvetsiya kiradi) qatnashadi.
Britaniyalik general-leytenant Ralf Vuddisning aytishicha, Britaniya “Yevropa mudofaasi va Rossiya agressiyasining oldini olishga katta hissa qo‘shmoqda”. Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles “Yevropa xavfsizligi har qachongidan ham muhimroq”, deb ta’kidladi.
28-aprel kuni Polsha may oyida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishini, shu sababli Rossiyaning Kaliningrad viloyati bilan chegaradosh Varmiya-Mazuriya viloyatidagi trassa va mamlakatning boshqa hududlaridagi yo‘nalishlarda harbiy texnika yuklangan karvonlarning “tirband harakati” yuzaga kelishini ma’lum qildi. Fuqarolardan xavfsizlik nuqtayi nazaridan harbiy obyektlar aks etgan suratlarni tarqatmaslik so‘ralgan.
18-aprel kuni Latviyada NATO bo‘linmalari ishtirokida mashg‘ulotlar boshlangandi. Namejs-2022 manyovrlari 27-mayga qadar o‘tkaziladi, ularga 3 mingga yaqin harbiy xizmatchilar jalb etiladi.
Izoh (0)