Inkuzart taxallusi bilan ijod qilayotgan ko‘cha rassomi Abdurahmon Toshkentda Ukrainadagi harbiy harakatlarga bag‘ishlangan yangi strit-artini chizish jarayoni tasvirlangan videoni e’lon qildi.
Unda Rubik kubigini ushlab turgan qo‘l tasvirlangan bo‘lib, u Rossiya va Ukraina bayroqlari rangida.
“Tinchlik”, — deya izoh qoldirgan muallif o‘z ijodiga.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning sentabr boshida @inkuzart O‘zbekiston avtomobil bozoridagi monopoliyaga bag‘ishlangan strit-art chizgandi. Unda mashina uchun uzun navbat va navbat boshida qizil shapkali inson tasvirlangandi. Keyinroq ushbu tasvir to‘liq o‘chirib tashlangan, poytaxt hokimligi va “O‘zavtosanoat” bu ishga aloqasi yo‘qligini ma’lum qilgan edi. Noyabrda esa ko‘cha rassomining Toshkentda benzin narxi oshishiga bag‘ishlangan strit-art o‘chirib tashlangandi. 2022-yilning 18-fevral kuni esa Inkuzart’ga tegishli turli formulalar bilan devorga chizilgan Albert Eynshteynning portreti bo‘yab tashlangan. Chilonzor tuman hokimligi strit-artining o‘chirilishiga tuman hokimining buyrug‘i emas, mahalla faollari sababchi bo‘lganini ma’lum qilgan.
Izoh (0)