Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi katta miqdordagi firibgarlikda ayblangan shaxsni Polshadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinganini ma’lum qildi.
Interpolning O‘zbekiston va Polsha Milliy markaziy byurolari xodimlarining hamkorlikdagi tezkor qidiruv harakatlari natijasida 2022-yilning mart oyi boshlarida Varshava hududida asli samarqandlik bo‘lgan 36 yoshli O‘zbekiston fuqarosining qayerdaligi aniqlanib, qo‘lga olingan. U O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari tomonidan ko‘p miqdordagi firibgarlik sodir etgani uchun Interpol kanallari orqali qidiruvga berilgan bo‘lgan.
Mazkur jinoyatga aloqador shaxs O‘zbekiston fuqarolarining ishonchini qozonib, AQShda ishga joylashish va viza yordamini olishda ko‘mak berishini taklif qilib, o‘z majburiyatlarini bajarmasdan turib, ulardan katta miqdorda pul olgan. Firibgarlik xizmatlarini tugatgandan so‘ng, u mamlakatni tark etib, chet elda yashiringan.
Shundan so‘ng Samarqand viloyati IIB tomonidan olingan materiallar asosida O‘zbekiston Interpol MMB xodimlari tomonidan hibsga olish va keyinchalik ekstraditsiya qilish maqsadida xalqaro qidiruvni tashkil etish bo‘yicha xabarnoma e’lon qilingan.
Shu kunlarda O‘zbekiston va Polsha Interpol xodimlarining muzokaralari va hamkorlikdagi tezkor harakatlari tufayli qidiruvdagi shaxs qo‘lga olinib, O‘zbekistonga topshirilgan.
Avvalroq Yevropada katta miqdorda o‘g‘irlik sodir etgan xalqaro qidiruvdagi shaxs O‘zbekistonda qo‘lga olingani, 2021-yilning oktabrida esa Seulda Janubiy Koreya Interpol xodimlari xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosini chegara postini kesib o‘tish vaqtida ushlagani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)