Navoiyda mansabdorning xizmat faoliyatiga oid ma’lumotlarini internetda tarqatish bilan tahdid qilib, 1500 dollar olgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB axborot xizmati rahbari O‘ktam Usmonov xabar berdi.
2022-yilning 9-mart kuni Navoiy shahrida yashovchi 32 yoshli fuqaro N.N. viloyat IIB boshlig‘iga ariza bilan murojaat qilib, tanish ayol D.B. unga xizmatga oid ma’lumotlarini internet orqali tarqatish bilan tahdid qilayotganini bildirgan. Uning so‘ziga ko‘ra, D.B. 4-mart kuni undan tovlamachilik yo‘li bilan 3 million so‘m pul olgan. Oradan bir necha kun o‘tgach, yana tahdid qilib 1500 dollar pul talab qilgan.D.B. fuqaro N.N. dan 1500 dollar pulni viloyat IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir vaqtida olganda qo‘lga tushgan.
Holat yuzasidan viloyat IIB tomonidan D.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik, ya’ni jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitib o‘zgadan mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishni talab qilish yoxud jabrlanuvchini o‘z mulki yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga doir:
Izoh (0)