Polsha terma jamoasi FIFA qaroriga ko‘ra 2022-yilgi Jahon Chempionati saralashi pley-offining finalida o‘ynaydi. Bu haqda FIFA rasmiy saytida xabar berildi.
Xalqaro futbol federatsiyasi tashkiliy qo‘mitasi Rossiya terma jamoasining xalqaro musobaqalardan chetlatilgani munosabati bilan Polsha terma jamoasining 2022-yil 29-martga belgilangan hal qiluvchi o‘yinga avtomatik ravishda yo‘llanma olishini ma’lum qildi. Jamoa unda Shvetsiya va Chexiya o‘rtasidagi bahs g‘olibi bilan to‘qnash keladi.
Tashkilot, shuningdek, Shotlandiya va Ukraina o‘rtasidagi mart oyida o‘tishi kerak bo‘lgan o‘yinning iyun oyiga ko‘chirilishi haqida xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, 28-fevral kuni FIFA va UEFA Ukrainadagi vaziyat tufayli Rossiya terma jamoalari va Rossiya klublarini barcha xalqaro musobaqalarda ishtirok etishdan chetlatdi. Bungacha Polsha, Shvetsiya, Chexiya, Albaniya, Irlandiya, Shveysariya va Angliya terma jamoalari Rossiya bilan o‘ynashdan bosh tortganini e’lon qilgandi.
Yevropa mintaqasining JCh—2022 musobaqasi o‘tish bahslari yarim finallariga tashlangan qur’aga ko‘ra, Polsha va Rossiya o‘zaro raqib hisoblanardi. Yarim final bahslari 2022-yilning 24-martiga, finallar esa 29-martga belgilangandi.
Izoh (0)