Qashqadaryo viloyatida bosh shifokor 500 ming, tuman agroinspeksiya inspektori esa 3 million so‘m pora bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat prokuraturasi axborot xizmati xabar berdi.
Mahkum A.T. viloyat prokuraturasiga murojaat qilib, shifoxona bosh shifokori undan pul talab qilayotganini bildirgan.“Mahkum murojaatiga asosan 2022-yilning 3-mart kuni viloyat prokuraturasi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbirda viloyat teri-tanosil kasalliklari dispanseri bosh shifokori A.X. mahkumga kasallik varaqasi ochib, uni bir oy manzil koloniyaga yubormay dispanserda olib qolishi evaziga 500 ming so‘mni pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan”, — deydi viloyat prokuraturasi axborot xizmati rahbari.
Ta’kidlanishicha, “O‘zagroinspeksiya”ning Nishon tuman bo‘limi katta inspektori R.Sh. ham fuqaro O.B.dan uning traktori uchun texnik hujjat rasmiylashtirib berishi evaziga avvalroq talab qilingan uch million so‘mning qolgan ikki million so‘mini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
“Mazkur holatlar yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Shu o‘rinda fuqarolarimiz va OAV vakillariga murojaat qilib, viloyat prokuraturasi korrupsiyaga qarshi kurashishda hamkorlikka tayyorligini bildirib, korxona, muassasa va tegishli tashkilotlar faoliyatida korrupsiya bilan bog‘liq holatlar kuzatilsa “@qvpmurojaatbot” telegram boti orqali ma’lum qilishlarini so‘raymiz. Murojaat mualliflarining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi”, — deydi viloyat prokuraturasi axborot xizmati mas’uli.
Mavzuga doir:
Izoh (0)