Shavkat Mirziyoyev 23-fevral kuni Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida Shumanay tumanidagi “Shumanay ekoteks” korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, 2020-yilda ishga tushirilgan ushbu korxona 7 ming tonnadan ziyod ip-kalava tayyorlash quvvatiga ega. O‘tgan yili 51 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, qariyb 5 million dollarlik eksport qilingan.
Shu paytgacha hududdagi eng katta muammo ishsizlik bo‘lgan. Mazkur korxona aholi, ayniqsa, xotin-qizlarni doimiy ish bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etgan. Bu yerda 500 ta ish o‘rni tashkil etilgan.
Davlat rahbari ishlab chiqarish jarayoni va mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi, ishchilar bilan suhbatlashgan. Mutasaddilarga korxonada paxtani qayta ishlashning keyingi bosqichlarini o‘zlashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
“Bu ma’qul. Lekin tumanda ishsizlar bo‘lmasligi uchun bunday korxonalar uch-to‘rtta bo‘lishi kerak. Sanoatning boshqa yo‘nalishlarida ham loyihalar topish zarur”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.
Shu yerda tumandagi Bahrom Ilg‘or Klaster MChJ haqida ma’lumot berilgan. Klasterning 743 gektar yeri lazer orqali tekislangan. Shundan 100 gektarida yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan.
“Aholiga daromad manbai yaratish, yalpi ishlab chiqarishni ko‘paytirishga harakat qilyapmiz. Buning uchun nima kerak? Avvalo, suv kerak. Lekin Qoraqalpog‘istonda suv va yer hisobi dolzarb. Agar saranjom qilib, iqtisod qilib foydalanilsa, suv yetadi. Buning uchun qishloq xo‘jaligi madaniyatini oshirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish kerak”, — deydi prezident.
Shumanay tumaniga biriktirilgan Xorazm viloyati tadbirkorlarining investitsiya loyihalari taqdimoti ham o‘tkazilgan.
Izoh (0)