Ioni dengizining Korfu oroli yaqinida bortida 239 nafar yo‘lovchi va 51 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan “Yevroferri Olimpiya” paromida yong‘in chiqdi. Bu haqda Gretsiya Kemachilik vazirligiga tayanib, “Skai.gr” nashri xabar berdi.
Parom suzayotgan yo‘nalish Gretsiyaning Igumenitsa portidan Italiyaning Brindizisi porti tomon bo‘lgan. Hozircha nima sababdan yuzaga kelgani aniqlanmagan yong‘in erta tongda, parom suzishni boshlanidan ko‘p o‘tmay uchinchi qavat palubasida sodir bo‘lgan. Proto Thema nashri paromning yong‘in va tutun ichida qolgan kadrlarini e’lon qilgan.
Yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari paromni qutqaruv qayiqlarida tark etgan. Hozirda ular Korfu oroliga evakuatsiya qilinmoqda. Qutqaruv operatsiyalariga Sohil xizmati katerlari, bir necha xususiy kemalar va uchta vertolyot jalb etilgan.
Ioni orollar gubernatorining so‘zlariga ko‘ra, Korfuga olib kelingan parom yo‘lovchilaridan biri yengil jarohat olgan.
Ta’kidlanishicha, parom hozirda ham yonishni davom etmoqda. U tomon shatakka oluvchi kemalar va o‘t o‘chiruvchilarning katerlari yo‘naltirilgan.
Izoh (0)