28-yanvar kuni Toshkent hayvonot bog‘ida ayol yosh qizaloqni ayiq qafasiga tashlab yuborgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Ayiq qizchaga zarar yetkazmagan. Hayvonot bog‘i xodimlari ayiqni ichki xonaga olib kirishga muvaffaq bo‘lgan. SSV yirtqich qafasiga tashlab yuborilgan qizchaning ahvoli to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2018-yilda tug‘ilgan qizchaga dastlab hayvonot bog‘i hamshirasi birinchi yordam ko‘rsatgan. Shundan so‘ng u tez yordam mashinasida soat 13:30 larda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan.
Qizcha shifoxonada barcha zarur tibbiy ko‘riklardan zudlik bilan o‘tkazilgan.
“U yengil shok holatida bo‘lgan, balandlikdan yiqilish oqibatida ochiq bosh miya jarohati va bosh miya chayqalishi kuzatilgan. Hozirda uning ahvoli yaxshi, tibbiyot xodimlari nazoratida”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)