O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi yangi tahrirda yangi nom bilan ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda deputat Rasul Kusherbayev o‘z Telegram-kanalida xabar berdi.

Partiyalar fraksiyalari tomonidan ko‘rib chiqilayotgan yangi kodeks loyihasi bilan:

  • kodeksning nomi uning tartibga solish predmeti va xorijiy tajribadan kelib chiqib Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeks deb o‘zgartirilmoqda;
  • ayrim ma’muriy huquqbuzarlik tarkiblari zamon talablari asosida qayta ko‘rib chiqilmoqda. Jumladan:
  1. amalda o‘z ahamiyatini yo‘qotgan yoki fuqarolik va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan 33 ta ma’muriy huquqbuzarlik (transportdan shaxsiy boylik orttirish maqsadida foydalanish, shartnoma intizomini buzish, avtomat telefonlarni shikastlantirish va boshqalar kodeksdan chiqarilmoqda;
  2. obyektiv ehtiyojdan kelib chiqib, 12 ta yangi turdagi huquqbuzarlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda (piyoda va boshqa yo‘l harakati qatnashchilariga yo‘l bermaslik, elektron hisob varaq-fakturani rasmiylashtirish tartibini buzish va boshqalar);
  3. xalqaro ekspertlar (xususan OESR) tavsiyalariga ko‘ra 3 turdagi ijtimoiy xavfi katta bo‘lgan va ma’muriy javobgarlik orqali ta’sir ko‘rsatish samarasiz ma’muriy huquqbuzarliklar (NTTning yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish, davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish, davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi Kodeksdan chiqarilib, ular uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda;
  • ma’muriy jazo choralari tizimi takomillashtirilib, o‘z ahamiyatini yo‘qotgan, ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan ashyoni haqini to‘lash sharti bilan olib qo‘yish jazosi ma’muriy jazo tizimidan chiqarilmoqda;
  • ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish tartibi takomillashtirilmoqda. Xususan:
  1. huquqbuzarlikka oid ish yuritish tizimini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida tashkil etish nazarda tutilmoqda;
  2. amaldagi kodeksda mavjud bo‘lmagan isbot qilish, dalillar taqdim etish, xolislar, ekspertiza tayinlash, sud majlisini videokonferensiya tarzida o‘tkazishga oid yangi tartiblar kiritilmoqda;

Shuningdek, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan chiqarilgan qarorlarni ijro etish tizimi takomillashtirilmoqda.

Jumladan:

  • korrupsiya holatlariga imkon beruvchi omillarni bartaraf etish maqsadida huquqbuzarlik sodir etilgan joyning o‘zida naqd pulda jarima undirish tartibi bekor qilinmoqda;
  • sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlari ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida tayinlangan ma’muriy jazo choralarini almashtirish tartibi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, qat’iy ma’muriy jarimalar qayta ko‘rib chiqilib, ularning minimal va maksimal miqdorini belgilash orqali jarimalarni pasaytirgan holda amaldagi jazolar liberallashtirilmoqda.

Ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi qonunchilikning har bir prinsipi mazmuni ochib berilmoqda. (Masalan, hech bir shaxs bitta ma’muriy huquqbuzarlik uchun ikki marta javobgarlikka tortilishi mumkin emasligi haqidagi qoida belgilanmoqda).

Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishda huquqiy jihatdan tartibga solinmagan ko‘plab muammoli masalalarning yechimi nazarda tutilmoqda. Xususan, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishda rad qilish asoslari va tartibi, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan qabul qilingan qarorga nisbatan qo‘yiladigan talablar va boshqa huquqni qo‘llash amaliyotidagi masalalarga oid qoidalar kiritilmoqda.

Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishda fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligining oldini olish maqsadida ma’muriy huquqbuzarliklarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish nazarda tutilmoqda.

Ma’lumot uchun, yangi loyiha kodeksi 600 ga yaqin moddadan iborat.