Toshkentning Yakkasaroy tumani Kichik halqa avtomobil yo‘li va Bobur ko‘chalari kesishmasida joylashgan avtomobil yo‘lidagi ko‘prik qisman yopildi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, avtomobil yo‘l o‘tkazgichining aeroport yo‘nalishidagi tomonining bitta yo‘lagini ta’mirlash ishlari boshlangan. Yo‘lsozlik tadbiri 15 kun davom etadi. Shu sababli mazkur yo‘l o‘tkazgichning aeroport yo‘nalishi tomoniga harakat mavjud uchta yo‘lakning ikkitasida amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yil 11-iyul kuni ushbu ko‘prik tagida Howo yuk mashinasi 3.13 “cheklangan balandlik” yo‘l belgisiga amal qilmay harakatlanib, ko‘prik ostidagi betonga urilib, yo‘l-transport hodisasini sodir qilgandi.
Avvalroq Toshkentdagi Qorasuv kanali ustidan o‘tuvchi ko‘prik rekonstruksiya uchun yopilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)