Rossiyaning Leningrad viloyatida 5-yanvar kuni Daewoo Nexia va tez yordam mashinasi to‘qnashib ketdi. Bu haqda “78.ru” xabar qilmoqda.
Qayd etilishicha, yo‘l-transport hodisasi shu kuni soat 19:23 da M-10 avtomagistralining 637-kilometrida sodir bo‘lgan. O‘zbekiston fuqarosi (1995-yilda tug‘ilgan) Nexia avtomobilini boshqarib borayotib, qarama-qarshi yo‘lakka chiqib ketgan va Ford Transit mashinasiga borib urilgan.
Oqibatda mashina ichidagi yo‘lovchi (1991-yilda tug‘ilgan) voqea joyida, boshqa bir yo‘lovchi (1995-yilda tug‘ilgan) shifoxonaga olib ketilayotganda vafot etgan. Qurbonlarning ikkisi ham O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan. Shuningdek, tez yordam feldsheri (1977-yilda tug‘ilgan) o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohati bilan kasalxonaga yotqizilgan.
Qayd etilishicha, Nexia haydovchisi 2021-yilda ham yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun ikki marta ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Haydovchi qo‘lga olinib, izolyatorga joylashtirilgan. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)