Polsha poytaxti Varshavada shaxmatning rapid va blits yo‘nalishi bo‘yicha Jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. 28-dekabr, seshanba kuni rapid yo‘nalishida g‘oliblar aniqlandi.
Taybreykka qadar borgan musobaqada o‘zbekistonlik Nodirbek Abdusattorov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Nodirbek va uch nafar shaxmatchi Magnus Karlsen, Yan Nepomnyashiy, Fabiano Karuana 13 tur yakunlariga ko‘ra 9,5 ochkodan to‘pladi. Shundan so‘ng g‘olib nomini aniqlash uchun taybreykka murojaat qilindi.
Taybreykda Abdusattorovga rossiyalik Yan Nepomnyashiy raqiblik qildi. Abdusattorov dastlabki raundni qora donalarda o‘tkazdi hamda unda durang qayd etildi. Keyingi partiyada o‘zbekistonlik shaxmatchining qo‘li baland keldi.
Shu tariqa Nodirbek Abdusattorov 17 yoshida rapid yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempioniga aylandi.
Nodirbek 10-turda 5 karra jahon chempioni Magnus Karlsenni mag‘lubiyatga uchratgandi. Shundan keyin ketma-ket 3 turda durang natija qayd etdi: 13-turda mezbon Yan Kshishtof bilan kuchlar teng kelgan bo‘lsa, 11-turda rossiyalik Vladimir Fedoseyev, 12-turda esa hindistonlik Gukesh Dommarajuga qarshi qiyin o‘yinlar o‘tkazib, so‘nggi daqiqalarda vaziyatni o‘ngladi va durangga erishdi.
Abdusattorov undan avvalgi turlarda Fabiano Karuana, Levon Aronyan, Radoslav Voytashek, Boris Gelfandni mag‘lub etdi, Yan Nepomnyashiy va Aleksandr Grishukga qarshi bahslarda esa murosa yo‘lini tanladi.
Ma’lumot uchun, ochiq Jahon chempionatining umumiy sovrin jamg‘armasi 1 million dollarni tashkil qiladi. Blits yo‘nalishidagi bahslar 29—30-dekabr kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Nodirbek Abdusattorov 2017-yilda, 13 yoshida grossmeysterlik unvonini olgan. 2021-yil yanvar holatiga ko‘ra, Abdusattorov shaxmat tarixidagi eng yosh beshinchi grossmeyster bo‘lib turibdi. U 2018-yilda O‘zbekiston terma jamoasi safida Butunjahon shaxmat Olimpiadasida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgandi va Prezident sovg‘asi — Spark avtomobilini qabul qilib olgandi.
Qayd etish kerak, Abdusattorov Magnus Karlsenni mag‘lub etgan ikkinchi o‘zbekistonlik shaxmatchiga aylandi. 2018-yilda 16 yoshli Shamsiddin Vohidov Sankt-Peterburgda norvegiyalik shaxmatchidan ustun kelgandi.
Izoh (0)