23-dekabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-avgust Tadbirkorlar kuni etib belgilash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjat Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 19-noyabrda va Senat tomonidan 15-dekabrda ma’qullangan.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning 20-avgust kuni Toshkent shahridagi O‘zbekiston xalqaro anjumanlar saroyida prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tgandi. Bunday shakldagi uchrashuv ilk bor o‘tkazilgan va unda jami o‘n mingga yaqin tadbirkor ishtirok etgan edi.
Ochiq muloqot oldidan tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar so‘ralgan. Turli masalalarga oid 15 mingdan ortiq murojaatlar bo‘lgani qayd etilgan. Prezident o‘z nutqida ularni hal qilishga qaratilgan 7 ta muhim yo‘nalishni ko‘rsatib o‘tgandi. Birinchi yo‘nalish – biznesni moliyalashtirish, ikkinchisi – soliq tizimini takomillashtirish va biznesga soliq yukini kamaytirish, uchinchisi – yer ajratish, to‘rtinchisi – infratuzilma, beshinchisi – eksportyor korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, oltinchisi – transport-logistika, yettinchisi – sohadagi tartib-taomillarni soddalashtirish masalalariga qaratilgan.
Mazkur uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev 20-avgustni O‘zbekistonda “Tadbirkorlar kuni” deb e’lon qilishni taklif etgandi. “Bugungi tajribamizdan kelib chiqib, ushbu uchrashuvlarni har yili tashkil etsak, buni yaxshi bir an’anaga aylantirsak, Sizlarga ma’qulmi? Shu munosabat bilan, bugungi sanani, ya’ni 20-avgustni mamlakatimizda ‘Tadbirkorlar kuni’ deb e’lon qilib, uni har yili yurtimizda keng nishonlasak, bu tashabbusga nima deysizlar”, – deya taklif bildirgandi Prezident.
Izoh (0)