Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidan o‘tgan M-39 avtomobil yo‘lining Taxtaqoracha dovoni 13-dekabr kuni soat 14:00 dan avtomobillar harakati uchun vaqtincha yopildi, deb xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarini bog‘lovchi ushbu avtomobil yo‘li dovon qismida tinimsiz yog‘gan qor oqibatida yo‘lning yuza qismida muzlamalar hosil bo‘lgan. Shu sababli turli ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida yo‘l yopilib, avtotransport vositalarining harakati vaqtincha to‘xtatilgan.
Xabarda, shuningdek, FVV rahbarligida tegishli tashkilotlarning mutaxassislari tomonidan vaziyat oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilayotgani, dovon yo‘li ochilishi haqida qo‘shimcha ma’lumot berilishi bildirilgan.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zgidromet” 12—15-dekabr kunlari Kaspiy dengiz hududlaridan nam havo, so‘ngra Ural hududlaridan sovuq havo massalari kirib kelishi sabab havo keskin sovib, qor yog‘ishi kutilayotganini ma’lum qilgandi. 13-dekabrda Qashqadaryo viloyatida yomg‘ir yog‘ib, qorga aylanishi prognoz qilingan.
Izoh (0)