Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida 10-avgust kuni piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan ayol va uning aravachadagi farzandini Nexia urib yuborgani xabar qilingandi. Avtomashina haydovchisiga sud hukmi o‘qildi, deb xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi.
Qayd etilishicha, kechki 21:10 da shaharning Mustaqillik ko‘chasida haydovchi Firdavs Ergashev boshqaruvidagi Nexia yo‘lning piyodalar o‘tish joyidan kesib o‘tayotgan ayol va uning bolalar aravachasidagi hali bir yoshga ham yetmagan farzandini urib yuborgan. Oqibatda bola og‘ir tan jarohati olib, shahar shifoxonasiga yotqizilgan. Chaqaloq ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, shifoxonada vafot etgan.
“Qamalsin. Qonuniy jazo olishini xohlayman”, — degan sud jarayonida YTH oqibatida farzandi vafot etgan ayol.
Ta’kidlanishicha, haydovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan aybdor deb topilgan va 2 yil-u 6 oy muddatga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, 6 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, Qashqadaryo viloyatida 2021-yilning yanvar—sentabr oylari mobaynida 369 ta YTH sodir bo‘lgan. Oqibatda 181 nafar inson vafot etgan, shundan 31 nafari yosh bola bo‘lgan.
Izoh (0)