Buyraklar tanada juda muhim vazifani bajaradi. Bir daqiqa ichida ulardan bir litr qon o‘tadi, doimiy ravishda toksinlar va zararli moddalardan tozalanadi. Biologik faol, xususan, renin – qon bosimini tartibga soluvchi, eritropoetin – eritrotsitlarning hosil bo‘lish tezligini tartibga soluvchi moddalar ishlab chiqaradi. Suv muvozanatini va qondagi natriy, kaliy, fosfor kabi minerallar konsentratsiyasini nazorat qilishga yordam beradi.

Foto: Getty Images

Buyraklar kasallanganda organizmning zaharlanish jarayoni boshlanadi. Organizmni toksinlar va zahardan tozalashga ichaklar, teri, o‘pka va jigar yordam bera boshlaydi, lekin bu a’zolar bunga moslashmagani tufayli o‘zi ham kasallanadi.

Buyrak kasalligining dastlabki belgilari:

  • peshob miqdorining ko‘payishi yoki kamayishi, rangi to‘q jigarrang yoki rangsiz bo‘lishi;
  • shish paydo bo‘lishi, ko‘pincha qo‘l, oyoq, to‘piq, yuz va ko‘z ostida terining sarg‘ayishi;
  • muntazam charchoq va zaiflik;
  • bel va qorinning pastki qismida og‘riqlar;
  • terida tez-tez toshmalar toshishi, yallig‘lanish, qichishish;
  • ko‘ngil aynishi, ishtahaning bo‘g‘ilishi;
  • kamqonlik.

Buyrak kasalligining belgilari barchasi bir vaqtda kuzatilmaydi. Yuqorida ko‘rsatilgan belgilar to‘plamda ham, jadalligida ham farq qilishi mumkin.

Buyrak kasalligi boshlang‘ich davrda peshob, qon tahlili va ultratovush yordamida tekshirish orqali aniqlanadi.

Shifokor Xurshid A’zamxo‘jayev tavsiyalari asosida tayyorlandi.