Qashqadaryo viloyatining sobiq hokimi Zoir Mirzayev viloyat faollari tomonidan yangi lavozimiga kuzatildi. Viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Ahror Sodiqov Telegram’da e’lon qilgan videodan ma’lum bo‘lishicha, sobiq hokimga uning maslahatchisi sifatida faoliyat yuritgan Yanvar Inoyatov to‘n kiydirib, faoliyatiga omad tilagan.
Zoir Mirzayevning aynan qaysi lavozimda ish boshlashi hozircha rasman tasdiqlanmagan. Telegram’dagi “Davletovuz” kanalining yozishicha, sobiq hokim Toshkent viloyatiga rahbar etib tayinlanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Zoir Mirzayev 2019-yilning oktabridan buyon Qashqadaryo viloyati hokimi sifatida ishlab kelayotgandi. Unga qadar bosh vazir o‘rinbosari hamda qishloq va suv xo‘jaligi vaziri lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2018-yil oktabrida “Oqqo‘rg‘on voqeasi” sabab ishdan olinib, Sharof Rashidov tumaniga hokim etib tayinlangandi.
2018-yilning fevralidan buyon Davlat bojxona qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelayotgan Murotjon Azimov prezident farmoni bilan Qashqadaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Izoh (0)