Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Yosh rejissor Shokir Xoliqov 2019-yilda 72-xalqaro Kann festivali Gran-prisini qo‘lga kiritgan edi. O‘shanda rejissorga “O‘zbekkino” milliy agentligi tomonidan serviz sovg‘a qilingan, bu esa ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Shokir Xoliqov yaqinda Qozog‘istonda o‘tkazilgan xalqaro tanlovda “Messi” qisqa metrajli filmi bilan bir vaqtning o‘zida ikki mukofotga loyiq ko‘rildi. U “Eng yaxshi film” nominatsiyasi uchun Nyu-York kinoakademiyasiga o‘qish uchun yo‘llanma va “Eng yaxshi drama” nominatsiyasiga esa diplom va statuetka bilan taqdirlandi.

Jurnalist Nargizaxon Murodova Shokir Xoliqov bilan intervyu tashkillashtirdi. Intervyu davomida rejissor Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan “48 Hour film race” (“48 soat ichida film”) festivalida qo‘lga kiritgan muvaffaqiyati, “Messi” g‘oyasining paydo bo‘lishi, “O‘zbekkino”dan yordam kutmasligining sababi va karyerasini O‘zbekistonda ko‘rolmayotgani haqida gapirdi.

Foto: Shokir Xoliqov shaxsiy arxividan

Foto: Shokir Xoliqov shaxsiy arxividan

— “48 soat ichida film” festivali 2005-yildan buyon Markaziy Osiyodagi ijodkorlar o‘rtasida tashkil qilinadi. Bilishimcha, festival AQSh tomonidan moliyalashtiriladi. Bundan ikki yil avval tanishlarimdan biri festivalda ishtirok etish havolasini telefonimga tashlab bergandi. Ammo u paytda festivalga unchalik qiziqmagandim. O‘tgan yili ayni karantin kunlari Facebook ijtimoiy tarmog‘ida festival haqidagi ma’lumotni o‘qib qoldim va ro‘yxatdan o‘tdim. Festivalning asosiy sharti 48 soat ichida barcha talablarga javob beradigan film yaratish kerak. Menga festivalning qabul jarayonlari tugatilgani va unda 549 ta ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tganligi haqidagi ma’lumotni yuborishdi. Afsuski, festivalga start berilgani haqidagi xabarni kechga yaqin ko‘rdim. Aslida, kunduzgi 10:00 da start berilgan ekan. Urinib ko‘ray deb, operator do‘stim Diyor Ismatov va sahnalashtiruvchi rassom Erkin Xushmatov bilan uchrashib, reja tuzdik. Uzoq bahslardan so‘ng Afg‘onistondan qochayotgan aka-ukalar hayotiga bog‘langan qisqa metrajli film olishga qaror qildik. Ertasi kuni soat 14:00 da suratga olish ishlarini boshladik va to‘rt soatda tugatdik. Tongga qadar filmning ovozi, bo‘yash ishlari va montajini tugallab, festivalga jo‘natdim. Xullas, bu filmni 48 soatda emas, 24 soatda oldik, desam ham bo‘ladi. Maqsadimiz 2-3 o‘rinni qo‘lga kiritib, sovringa qo‘yilgan pul mukofotini yoki yangi kamerani olish edi. Chunki aynan “Messi” filmini nihoyatda yomon va ishdan chiqqan eski kamerada suratga olgandik. Natijalar kutilganidan ham a’lo bo‘ldi va festival tarixida ilk marta bir film ikki nominatsiyada g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Menimcha, AQShda o‘qish imkoniyatini hech bir mukofot bilan solishtirib bo‘lmaydi. Chunki u mamlakatda nafaqat o‘qish, sayohat qilish ham ko‘pchilik insonlarning orzusi.

Foto: Shokir Xoliqov shaxsiy arxividan

Foto: Shokir Xoliqov shaxsiy arxividan

Hamisha xorij festivalida “O‘zbekkino” vakili sifatida ishtirok etaman. Aynan Qozog‘istondagi festivalda ham mukofotni Shokir Xoliqovga emas, o‘zbekistonlik “Sintez” jamoasiga deb topshirishdi. Meni biroz ranjitgan narsa “O‘zbekkino” vakillari taqdirlash marosimiga ketishim tugul, agentlik saytida tabriklab ham qo‘yishmadi. Chunki qaysi bir ijodkor yutuqqa erishsa, albatta, saytda tabriklab qo‘yishadi, ammo menga bunday qilishmadi. Men mustaqil ijod qilganim bilan shu yurt fuqarosiman va har qaysi festivalda O‘zbekiston nomidan ishtirok etaman.

Foto: “Daryo” / Ma’murjon Obrahmatov

Foto: “Daryo” / Ma’murjon Obrahmatov

Sentabr oyida Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro kinofestivalga hujjatli filmimni topshirdim. Afsuski, qabul komissiyasidan o‘tmadi. Shundan so‘ng xuddi shu hujjatli film bilan Belarusda o‘tkazilgan “Evraziya.doc” festivalida ishtirok etib, 300 ga yaqin film ichida finaldagi ishtiroki uchun diplomi bilan taqdirlandim.

Foto: Shokir Xoliqov shaxsiy arxividan

Foto: Shokir Xoliqov shaxsiy arxividan

Ajablantirgan jihati shundaki, Toshkent xalqaro kinofestivalida so‘nggi ikki yil ichida suratga olingan filmlar ishtirok etishi kerak edi. Ammo Qirg‘izistondagi Qarash Janishevning “Proshay” va beloruslik Mitriy Semyonov Aleynikovning “Franka” degan filmlari ishtirok etdi. Aslida, bu filmlar 2018-yilda men suratga olgan “Choy” bilan birga bir nechta xalqaro festivallarda ishtirok etgandi.

Foto: “Daryo” / Ma’murjon Obrahmatov

Foto: “Daryo” / Ma’murjon Obrahmatov

“Choy” filmi bilan Gonkongdagi festivalda “Mintaqaning oltin filmi” va “Festivalning oltin filmi” nominatsiyalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritganman. Shuning uchun “O‘zbekkino” tomonidan yangi film suratga olishim uchun 1 milliard so‘mlik sertifikat berilgan. Rejissorlik ssenariysi uchun 50 million berishdi. Qolgan pulni esa kutib, 2 yil umrim o‘tib ketdi. Agar umid bag‘ishlashmaganida, “Messi” kabi filmlarni suratga olishni ertaroq boshlagan bo‘lardim. Chunki ikki yilni to‘liq metrajli film ustida ishlashga sarfladim. Oxirgi marta “O‘zbekkino”ga kirganimda pul yo‘q, deyishdi. Ha mayli, o‘zimning aravamni o‘zim tortaman, deb ketdim.

Foto: “Daryo” / Ma’murjon Obrahmatov

Foto: “Daryo” / Ma’murjon Obrahmatov

O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azimning “Yomg‘ir haqida ballada” she’ri asosida 10 daqiqalik animatsion film ustida ishladik. “Sintez” filmga faqat moddiy imkoniyati yetganicha ko‘mak berolishini aytdi. O‘zbekistonda ilk marta moybo‘yoqda oynaga rasm chizish uslubida animatsion film suratga olishni boshladik. Ish yarmiga yetganda moddiy tomondan qiyinchiliklar boshlandi, shunda “O‘zbekkino”ga yordam so‘rab bordim. Afsuski, bu safar ham pulimiz yo‘q, qabul qilmaymiz, degan javobni oldim. Ikkinchi marta ham “O‘zbekkino”dan umidimni uzib, bir amallab ishni yakunladik. O‘sha yilning o‘zida Qirg‘izistonda eng yaxshi animatsion film sifatida e’tirof etildi. Hozirda animatsiyalar vatani hisoblangan Yaponiya, Janubiy Amerika va Italiyadagi festivallarda ishtirok etish uchun nomzodi qo‘yilgan. Nasib qilsa, festivallarda yaxshi baholanishiga umid qilaman.

Foto: Shokir Xoliqov shaxsiy arxividan

Foto: Shokir Xoliqov shaxsiy arxividan

Ilgari haqiqatan ham “O‘zbekkino”ning moddiy imkoniyati u qadar yuqori emasdir, deb o‘ylardim. Oxirgi festivaldan keyin ko‘rdimki, bizning juda katta mablag‘imiz va imkoniyatlarimiz bor ekan. Har bitta xorijlik san’atkor uchun sarflangan pulga kamida 10 ta qisqa metrajli film olsa bo‘lardi. Balki bizga kinodan ko‘ra shunday mehmonnavozlik kerakdir. Juda og‘riqli nuqtalar, shu bois bu haqida gapirishni ham xohlamayman. Chunki qirg‘iz hamkasblarimdan “Sizlarning festivalingiz to‘yga o‘xshar ekan”, degan gapni eshitish, ko‘nglimga og‘ir botdi.

Qirg‘izistonlik kinoshunos Gulbara To‘lomushova festivallarda ishtirok etishimga ko‘mak beryapti. U mening tramplinim desam ham bo‘ladi. Ijodiy ishlarimni unga yuboraman, u xolisona baholab, eng yaxshisini festivallarga tavsiya qiladi.

Foto: Shokir Xoliqov shaxsiy arxividan

Foto: Shokir Xoliqov shaxsiy arxividan

2018-yili suratga olgan “Bizni tushunishmaydi” filmim Shveysariyadagi festivalda ishtirok etadigan bo‘ldi. Yo‘l puliga biroz qiynalganim uchun “O‘zbekkino”dan yordam so‘rab borganman. “Avvalo, pulimiz yo‘q, bir omading kelib qolgandir”, degan gapni eshitganimdan so‘ng ulardan ko‘nglim qoldi. Kursdoshlarim Abduazim Ilhomjonov va Botir Abdurahmonovlar ham festivalga borish uchun moddiy imkoniyati yo‘qligi uchun yordam so‘rab borishgan. Ammo ular ham xuddi mendek javobni olishgan.Endi “O‘zbekkino”dan umid qilmay qo‘yganman, balki “o‘z aravangni o‘zing tort” deyishgani ham yaxshilikkadir. Oxirgi marta Qirg‘izistondagi festivalda qozog‘istonlik prodyuser bilan tanishdim. Uning takliflari ma’qul bo‘lgani uchun endilikda u bilan ishlashni rejalashtiryapman.

Foto: “Daryo” / Ma’murjon Obrahmatov

Foto: “Daryo” / Ma’murjon Obrahmatov

Bundan keyingi ijodimni O‘zbekiston hududida ko‘rolaman, ammo moliyaviy tomoni haqida biror narsa deyolmayman. Yo o‘zim yoki chet el prodyuserlari bilan hamkorlik qilaman, menimcha. O‘zimizda emas, xorijliklar ishonch bildirsa, odam g‘alati bo‘lib ketarkan. Qayerda va kimlar bilan ishlashimdan qat’i nazar, hamisha O‘zbekiston nomidan festivallardan ishtirok etaman, — deydi rejissor Shokir Xoliqov.

Rejissorning suhbatidan so‘ng “O‘zbekkino” milliy agentligi axborot xizmati bilan bog‘landik va ba’zi savollarga javob oldik.

Shokir Xoliqov bilan “O‘zbekkino” bir qator loyihalar bo‘yicha hamkorlik o‘rnatgan. To‘liq metrajli “Qaytish” filmi uchun 1 milliard so‘mlik moliyaviy mablag‘lar ajratilgan. Film ssenariysi ayrim o‘zgartirish kiritish tavsiyasi bilan badiiy kengash tomonidan tasdiqlangan. Hozirda filmning ssenariysi qayta ishlanishi kutilmoqda. Bundan tashqari, Xoliqovning “Debyut” tanlovi uchun topshirgan “Ifor” va “Ichan qal’a” qisqa metrajli filmlari noyabr oyi so‘ngida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan “Kino 30 kunda” yosh rejissorlar tanlovi uchun qabul qilingan.

Yosh kinorejissorlarning xalqaro festivallarda ishtirok etishi uchun “Yoshlar studiyasi” DUK ham Kinematografiya agentligi ham ko‘mak berib kelmoqda. Davlat buyurtmasiga binoan suratga olingan filmlar muntazam ravishda nufuzli festivallarga agentlik tomonidan tavsiya qilinmoqda. Mustaqil ravishda film suratga olgan ijodkorlarning festivallarda qatnashishi mualliflarning o‘ziga bog‘liq. Agentlik vakolati doirasiga faqat davlat buyurtmasiga binoan suratga olingan filmlar kiradi. Shunga qaramasdan, yosh ijodkorlarga xalqaro festivallarda qatnashish bo‘yicha ko‘mak berishga tayyor.

Umuman olganda, so‘nggi yillar yosh kinoijodkorlar qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bir nechta yoshlar kinofestivallari va tanlovlari bo‘lib o‘tdi. Qayta tiklangan “Ipak yo‘li durdonasi” festivali asosini ham yoshlar tashkil etdi.

Nozim Safarov, “O‘zbekiston kinematografiya agentligi” axborot xizmati rahbari

Rejissor bilan suhbatni quyida tomosha qilishingiz mumkin.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Ukraina 2 ta aerodromga dronlar bilan zarba berishga urindi — Rossiya Mudofaa vazirligi
Mahalliy
O‘zbekistonda noyabr oyida qancha chaqaloq tug‘ilgani ma’lum bo‘ldi
Mahalliy
“Mehnati ko‘p bo‘lsa-da, maoshi kam, olgan puli halol bo‘lsin”. Jamoatchilik elektr montyorlarni olqishlamoqda