Gas Li-Dolfin ismli londonlik ijtimoiy tarmoqqa yonilg‘i quyish shoxobchasi oldida turgan uzun navbat yonidan shoshgancha otda o‘tib ketayotgani tasvirlangan videoni joylashtirdi. Bu vaqtda u tanlagan transportining universalligini ko‘rsatuvchi The Beach Boys guruhining Sloop John B qo‘shig‘ini kuylagan. Buyuk Britaniyada kuzatilayotgan yonilg‘i tanqisligi fonida shoxobchada qolib ketgan haydovchilarni troll qilayotgan video internetda keng tarqalib, millionlab marta tomosha qilindi, deb xabar beradi Motor.
Evening Standart gazetasining yozishicha, londonlik erkak Britaniya poytaxtining g‘arbida joylashgan Osterli dahasidagi Shell yonilg‘i quyush shoxobchasiga ot mingan holda kelgan. Uning telefoni obyektidan o‘rin olgan navbatning oxiri ko‘rinmaydi.
“Benzin uchun navbat, men esa otdaman. Unga benzin kerakmas, u sabzida ‘yuradi’”, — deydi chavandoz.
Turli ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoga bildirilgan munosabatlar asosan ijobiy: ular erkakning harakatini o‘ta “britancha” deb atagan va Li-Dolfinning transporti necha ot kuchiga ega ekanligi bilan qiziqqan. Ayrimlar esa chavandozga sabzi tanqisligiga uchrashini tilagan.
Buyuk Britaniyada yonilg‘i zaxiralari sentabr oxiridan boshlab tugagan va bu shoxobchalarda ulkan navbatlarni yuzaga keltirgan. Bunga sabab — benzovoz haydovchilarining yetishmasligi, pandemiya va Brexit’dan keyin vizalarni rasmiylashtirish qiyinligi uchun ularning aksariyati mamlakatni tark etgan. Ekspertlarning baholashicha, bugungi kunda Buyuk Britaniyada 100 mingga yaqin og‘ir yuk mashinalari haydovchilari yetishmaydi.
Izoh (0)