Tarjima – tili boshqa, maslagi bir insonlarni birlashtiruvchi vosita. Ilmiy, texnik, sinxron tarjimadan farqli badiiy tarjimaning “tosh”i og‘ir keladi. Til bilganning har qaysisi ham ijodiy matnni maromida, so‘z nozikliklarini his etib o‘girishi qiyin. Sermashaqqat mehnat etagini tutadiganlar esa hadeganda topilavermaydi. Biroq bu sohaga yigirma yildan oshiq umrini bag‘ishlagan, o‘zbek adabiyoti namunalarini xorijiy tillarga tarjima qilayotgan fidoyilar ham bor. 30-sentabr — Xalqaro tarjimonlar kuni bahona “Daryo” shoir, tarjimon, Butunjahon she’riyat harakati (WPM)ning O‘zbekistondagi koordinatori A’zam Obidov bilan o‘zbek adabiyotini jahonga tanitish va tarjimachilikdagi muammolar haqida suhbatlashdi.

“Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Bugungi bolalar qaysidir ma’noda poliglot bo‘lib ulg‘ayyapti. Bog‘cha paytidanoq o‘zbek, rus, ingliz tillarini baravar o‘rganib, maktabga tayyorlanadi. Bir qaraganda, hammasi havas qilgulik. Uch til oldiga keyinchalik boshqalarining qo‘shilish ehtimoli bor. Biroq xorijiy tillarni qancha o‘rganmaylik, tarjimonlarga talab, ehtiyoj ortaveradi. Nega shunday?

Tilni maqsadli o‘rganmayapmiz, menimcha. Eng katta kamchiligimiz shu. Jurnalist, yozuvchilar uchun til kurslari tashkil etiladi, lekin olti oy kursga qatnagan ijodkor keyingi saboqlarni davom ettirishga yo kuchi, yo vaqti yetmaydi. Nega menga kerak, degan maqsadni qo‘yib til o‘rgansa, davomiy o‘zlashtirish, mukammallashtirishga kuch topoladi. Odam o‘ziga stimul topa bilishi kerak. Muhitga ham bog‘liq ko‘p narsa. Fransuz she’rlarini asliyatdan o‘zbekchaga o‘giraman deb fransuz tilini o‘rganganman. Mana, 15 yildan beri shu tilda so‘zlashadigan do‘stlarim, shoir, yozuvchilar bilan muloqot qila olaman. Tarjima fakultetidagi aksar talaba tarjimon bo‘laman demaydi. Shuning uchun o‘qishni bitirib, tarjimonlik bilan ham xayrlashadi.

– Tarjima – injiq bolaga o‘xshaydi. Ko‘nglini topolsang, so‘zingga kiradi, bo‘lmasa, qaysarligini qo‘ymaydi. Tarjimon bir xalqning madaniyati, san’ati, dunyoqarashi va orzularini boshqalarga ko‘rsatib, izohlab beradi. Qo‘liga ulkan ko‘zgu tutgan zahmatkashlarga mengzayman ularni. Sizningcha, haqiqiy tarjimon qanday bo‘lishi kerak?

– Tarjimon – ko‘prik. Rivojlangan davlatlarda bu ko‘prik orqali ikki taraflama harakat ochiqdir. O‘zbekiston misolida esa bu bir tarafi ochiq ko‘prik, xolos. Dunyo adabiyotidagi katta nomlar bu yoqqa o‘taveradi, ammo o‘zimiznikilar dunyoga o‘tolmaydi. Chunki narigi tomonga o‘tishdan hayiqamiz, yo‘l boshida depsinib turaveramiz. Shu bois, adabiy merosimizning 1 foizi ham tarjima qilingan emas. Buni hech kim, hatto hech xato qilmaydiganday ko‘rinadigan, hamma muammolarga yechim beradi deya umid qilinayotganlar ham tushunmaydi.

– 2018-yili kitobxonlarni quvontirgan: Jahon adabiyotining eng sara namunalarini o‘zbek tiliga hamda o‘zbek adabiyoti durdonalarini chet tillariga tarjima qilish va nashr etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror e’lon qilindi. Hujjatga ko‘z yugurtirsangiz, o‘zbek adabiyotini boyitadigan manfaatli rejalar ko‘p. Agar qog‘ozdagi vazifalar yillar davomida tadrijiy, muntazam bajarilsa, o‘zbek adiblari va asarlari jahon sahnasiga chiqib, o‘rnini topishi mumkin. Lekin oradan uch yil o‘tdi, ammo na tarjimani, na bosmadan chiqqan kitobni ko‘rdik. Bilishimcha, siz ham boshida shu loyihaga jalb etilganlardan bo‘lgansiz?

– Qaror chala qolib ketganiga javobim – markazlashgan tizim yo‘q. Bu vazifa kimniki degan masala hamon ochiq turibdi. Yozuvchilar uyushmasi “Hissamiz bor, lekin bizniki emas”, deydi. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA)ning ustavini ko‘rib chiqdim. Ikkita katta-katta punkti o‘zbek tilidagi adabiyotlarning xorijiy tillarga targ‘ibot-tashviqoti bilan bog‘liq ekan. Katta tashkilot ustavining ikkita bandi faqat tarjima bilan bog‘liq. Lekin biror ish qilinmagan. Nimadirlar bajarildi, harakatlar boshlandi, lekin ko‘pi shundoqligicha qolib ketdi. Shu yil boshida AOKAga bir necha masala bo‘yicha murojaat ham qildim. Natijasi doimgidek – yo‘q.

Adabiyot, millat ma’rifati, madaniyat rivoji uchun yonimdan to‘lab bo‘lsa-da, xalqaro aloqalarni o‘rnatishga urindim, xorijlik adib, shoirlarni olib keldim. Sen o‘lib-tirilib nimadir qilsang-u, birov “Hoy, horma! Yordam kerak emasmi? Bizga nima xizmat?” demasa, (ayniqsa, bu ishlarga mas’ul tashkilot jim qarab turaversa) qo‘l siltarkansan. Kichkina guruh yo mening bir o‘zim bularning hech birini oxirigacha yetkazolmasligimiz aniq. Bu vazifalarning barchasini tugatish, yakunlash uchun yagona, yaxlit va aniq guruh, jamoa bo‘lishi shart.

Qaror ijrosiga kelsak, biz na biror aniq ishchi guruh tuzilgani, na tahrir hay’atini ko‘rdik. Boshida “urho-ur” bilan boshlangan harakat keyin birdan so‘ndi. Hammasi suv bosgandek tinchidi-qoldi. Nega, degan savollarga, rosti, men ham javob izlayman ko‘pincha.

“Daryo” / Dilruh Isomiddinova

—Tarjima, umuman, adabiy aloqalarni mustahkamlashda hamkorlik muhim. Kishini qo‘llab-quvvatlab, hamfikr bo‘ladiganlar topilsa, mashaqqatlar xiyla kamayadi. Bizda hamkorlik qay darajada?

– Afsuski, bizda siz nazarda tutayotgan hamkorlikdan asar ham yo‘q. Normal jamiyatda adabiyot, san’at va mana shu soha kishilari mamlakatning ovozi bo‘lishi kerak. Yozuvchilar uyushmasining 700 dan oshiq a’zosi bor. Lekin juda ko‘pi mukofot, allaqanday unvon, uy-joy, imtiyoz ilinjida, tama nazari bilan yashayapti. Qani, so‘rab ko‘ring-chi, qanchasini dunyo bilarkan, asarlarini kimdir o‘qiganmikan chetda turib? Hech bo‘lmasa, Markaziy Osiyo davlatlari orasida muxlislari bormikan?

Yigirma yildan beri adabiy do‘stlik bardavom bo‘lishi uchun rosa ter to‘kdim. Lekin hech kim eshitmadi meni. Unisiga aytdim, bunisiga bordim, javob bermadi. Keyin hammasini to‘xtatdim. Jamg‘armalar zimmasidagi ishni bajarayotgandim aslida. Bir xalqaro dastur uchun kamida 20 million pulim ketadi. Yozuvchi-shoirlarning hech biri qo‘shilmaydi, chetda qarab turaveradi. Bu nima qilayotgan ekan, deb qo‘rqib qarashadi. Ko‘pining qon-qoniga qo‘rquv singib ketgan. Nimadan bunchalik cho‘chishadi, hayronman. Biz ularga dunyo yozuvchi-shoirlarini berolmayapmizmi, keling, dunyoni O‘zbekistonga olib kelaylik. Bir yarim-ikki yil ichi ellikka yaqin ijodkorni taklif qildim. Birovi kelib, qo‘l cho‘zgani, yelkadosh bo‘lgani yo‘q.

— Yozuvchilar uyushmasi degan tashkilotimiz bor. Ko‘p tadbirlarni o‘tkazishyapti. Xorijiy aloqalarimiz ham yaxshi, deyishadi. Nahot hech bir mas’uldan sado chiqmadi?

– Uyushmaning g‘alati “qiliq”lari ko‘p. Tanqid qilaverishim, muammolarini mas’ullarning betiga aytganim uchun yomon ko‘rishadi meni. Ochig‘i, uyushmaga a’zolikni uyat deb bilaman. Chunki ular tayinli ish qilmaydi. Shunchalik boqimanda, tashabbusga ochilmagan, yalqovki, uyalib ketadi odam. Mayli, olayotgan oyligi balki shuginaga yarar. Lekin ularga davlat prezidenti aytmagunicha jim o‘tiraverishadi. Kimningdir og‘ziga qarashda haliyam “olg‘ir”miz.

O‘zbekistonda xalqaro she’riyat anjumani, festivallari, tadbirlari o‘tkazish uchun prezidentning turtkisini kutish – bu eng qoloq davlatlardagi tizim. Toshkent xalqaro kinofestivalini qayta o‘tkazamiz, dedi prezident. Buni davlat rahbari aytgani uchun qilyapmiz. Bu tizim to‘g‘ri emas. Hech bir mamlakatda adabiyot, san’at, madaniyat tadbirlari prezident aytsagina qilinmaydi. Hatto Afrika davlatlarida ham xalqaro she’riyat bayramlari bor.

Yaqinda prezidentlikka nomzodlarga bir qancha savollar yo‘lladim. Ammo taklif va savollarimga tayinli javob olishimga ko‘zim yetmaydi. Chunki adabiyot va ijodni biz har doim oxirgi o‘rinlarga qo‘yib kelganmiz. Bundan keyin ham shunday qolishi tayin.

Agar hamkorlikka chaqirishsa, bajonidil boraman. Ingliz tilida birinchi marta “Farhod va Shirin” kitobini chiqarib, shunday kitoblarni ko‘paytiraylik, desam yana jimlik. Qon-qonimizga tanballik, dangasalik singib ketgan. Ijodkorlar orasida birdamlik yo‘q. Bir-biriga faqat tosh otadi, kovlaydi. Tilyog‘lamalikka ustamiz.

“Daryo” / Dilruh Isomiddinova

– Demak, adabiy aloqalarni o‘rnatish va kengaytirish uchun avvalo birdamlik kerak deysiz-da?

– Shunday. Bizda adabiy agent, koordinator, adabiyot va san’at tadbirlarini yo‘lga qo‘yadigan odamlar yo‘q. Adabiyot muzeylari juda chiroyli-a? Eksponatlari ham joyida. Lekin doim huvillab yotadi. Ko‘pchilikka foydasi tegadigan tadbirlar, adabiy platforma yo‘q. Xafa bo‘lmang-u, Toshkentdagi rus diasporasi tadbirlarini yaxshi ko‘raman. Ularda birdamlik, yakdillik, hamkorlik baland. Sergey Yesenin uy muzeyidagi yig‘inlariga borsangiz, xona to‘lib turadi. Yaqinda Human House‘da kitob taqdimoti qildik. Zalda bo‘sh joy qolmadi. Havasim keldi.

– Keling, yana tarjimachilik haqida gaplashsak. Bu sohada qiladigan ishlarimiz, menimcha, haddan tashqari ko‘p. Eng sara jahon adabiyoti namunalari qatori o‘zbek tilidagi asarlarning ham tarjimasini tezlashtirish kerakmikan?

– Bundan 25 yil oldin missiyamni belgilab olganman – o‘zbek adabiyotini dunyo tillariga tarjima qilib tanitish. Ammo bir o‘zim baribir eplolmaskanman. Hozir “Jahon adabiyoti” jurnali, “Kitob dunyosi” gazetasi va boshqa bir qancha nashrlar asliyatdan tarjimalar bosishyapti. Dunyo adabiyotini ozmi-ko‘pmi yaqindan bilyapmiz. Lekin o‘zimizning asarlarimizni qachon dunyoga beramiz, degan savol hali ham kun tartibida. Tarjima deganda, mana siz ham jahonni O‘zbekistonga olib kirishni nazarda tutyapsiz-ov. Bu eng katta xatoyimiz. Yo‘l boshida qayerga yurishimizni belgilab olishimiz, aslida noto‘g‘ri bo‘lgan. U tarafga kim tarjima qiladi? Qanday, kim bilan, qachon qilamiz?

20 yil oldin birinchi kitobcham “Yo‘limni poylaydi mo‘jiza”ni inglizchaga o‘girdim. Hozir bir varaqlasam, xatolari ko‘p bo‘lgan ekan. Lekin o‘shanda qo‘rqmaganman. Tavakkaliga boshlaganman. Keyin Cho‘lpon bilan Usmon Nosir she’rlariga o‘tdim. 2004-yili 48 o‘zbek shoiri ijodini jamlagan “O‘zbek she’riyati antologiyasi”ni chiqardim.

O‘shandan beri shu maqsad, yo‘nalishni davralarda aytib kelaman. Ijodkorlarning ko‘pi til bilmaydi. Dunyo tan olgan xorijiy tillarini o‘rganaylik avval. Falon-falon a’zosi bor Yozuvchilar uyushmasida chet tilini puxta biladigani bormikan? To‘g‘ri, Faxriyor, Shekspir asarlarini ona tilidan o‘girgan Jamol Kamol va yana bir-ikkisi bundan mustasno. Qolganlari-chi? Xalqaro bo‘limdayam hech bo‘lmasa ingliz tilida ravon so‘zlashadigan xodim ishlarmikan? Shuni bir aytishsin! Kechirasiz-u, tuturiqsizlik, saviyasizlik, prinsipsizlik urchigandan urchiyapti.

Tarjima maktablari bo‘lajak tarjimonni pishitadigan joy. So‘z ustida ishlash, jumlani til qoidalariga monand o‘girish, tahrirlash, matnni to‘g‘ri yetkazish, ma’noga putur yetkazmaslik – barcha zarur bilim mustaqil tajriba qatori shu maktabdagi saboqlarda olinadi. Bugun bizda tarjima maktablari bormi?

– Bor. Jahon tillari, O‘zbek tili va adabiyoti, Sharqshunoslik universitetlarida siz aytayotgan maktablar bor. Jahon tillari universiteti, bilishimcha, 5 ta kitob chiqardi. Oybekning “Navoiy”si, G‘afur G‘ulomning “Shum bola”si men ko‘rib-eshitganlarim. Lekin kitobni tarjima qilib, keyin bir chetga qo‘yish yaramaydi. Maqsad – shunchaki tarjima emas, asarning o‘quvchilarini topish, sotish. Tadrijiy, to‘xtab qolmaydigan harakat kerak.

– Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonini inglizchaga o‘girdim, dedingiz. Hazrat Navoiy ijodini xorijda targ‘ib etishda faolligingizni ko‘pchilik biladi. Yolg‘iz o‘zingizga og‘irlik qilmaydimi – ham tarjima, ham uning targ‘iboti?

– “Farhod va Shirin” tarjimasi bo‘yicha maqtovlar eshitdim. Uyushma raisi (S.Sayid) juda yaxshi gaplarni aytdi. Lekin menga rahmat kerakmas. “Kel, birga ishlaylik. Mana bu loyihalarni bajaraylik, hamkorlik qilaylik, kuch bo‘laylik” deyishlarini kutaman.

Savolingizga kelsak, ha, og‘irlik qiladi. Birgalashib ishlashni xohlayman. Yozuvchilar uyushmasi meni har yilning fevralida yo‘qlab qoladi faqat.

Shu yil boshida Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro jamoat fondi tuzildi. Qayerda, kim, qanday ishlar qilyapti – hech kim bilmaydi. Qo‘limda shu jamg‘armaning ustavi bor. Tarkib uch kishi – ijrochi direktor, mutaxassis, bosh hisobchidan iborat. Prezident qarori bo‘yicha har yili 1 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi bularga. Lekin kim nima qilayotgani qorong‘i. Shu fond ichida yurgan bir tanishimdan so‘rasam, gapni mujmal qiladi: “Ha, jamg‘arma ishlayapti. Siz aytayotgan vazifalari yo‘q”, deydi. Unda nima bor?! Ochiqlaylik ma’lumotlarni. Bularning asosiy vazifasi – Alisher Navoiy asarlarini jahonga olib chiqish, asarlarini muntazam xorijiy tillarga tarjima qildirish.

Eng achinarlisi, “Qani, shuncha pulni qayerga sarflayapsizlar, nimalar qilindi? 1 milliard so‘mning hisobini bering!”, deydigan mard yo‘q. Savol berishdan qochmaylik. Adabiyot, tarjima, xalqaro madaniy aloqalar, adabiy do‘stlik, san’atni negadir jamiyat muammolarining eng boshiga chiqarishdan cho‘chiymiz. Hayot faqat siyosat, iqtisod, yeb-ichish, o‘yin-kulgidan iborat emas-ku! Demokratik yo‘ldan oxirigacha ketishni istasak, bag‘rikeng bo‘laylik. Adabiyot, san’at mustaqilligi ortidan xalq turmushi farovonlashadi. Soha kishilari ham erkin faoliyat yuritadi, ko‘ksiga shamol tegadi. Mustaqil ravishda o‘zidan tashabbus chiqadi.

“Daryo” / Dilruh Isomiddinova

– Sana(yot)gan muammolaringiz bo‘yicha tegishli tashkilot, idoraga murojaat qilish kerakmidi?

Prezidentimizga yordam so‘rab tinmay yozdim. Portalga yozgan xatlaringizning hammasi, baribir ortga qaytib, hech bir ish qilmaydigan tashkilotga, doimiy tanqid qiladiganim – Yozuvchilar uyushmasiga kelarkan. Suhbatimizdan bir yil o‘tsin, qarang, hech narsa o‘zgarmadi-ya, deb ayta olaman.

Ochig‘i, og‘riq “tish”larimiz bunchalik ko‘p deb o‘ylamagandim. Eshitib-bilib yurarkansan-u, soha ichiga kirmaguncha, tugal sezmaskansan. Muammolarga maqbul yechim bordir?

– Oxirgi besh yildan beri xalqaro tajribalarni o‘rganib, hayotga tatbiq etyapmiz, a? Ijod sohasida ham shunday qilish kerak. Rivojlangan o‘lkalarda adabiyot, san’at va madaniyat mustaqil. Amerika tajribasida bir qonun bor. Agar kimdir bu sohalarni qo‘llab-quvvatlamoqchi bo‘lsa, u kim bo‘lishidan qat’i nazar – tadbirkormi, oddiy ishchimi, san’atshunosmi, farqi yo‘q – to‘layotgan solig‘i avtomatik ravishda kamayadi. Bunda ikki taraf ham manfaatdor bo‘ladi. Biri kamroq soliq to‘laydi, ikkinchisi olgan puliga sohani rivojlantiradi.

Yaqinda volontyorlik haqida qonunni ko‘rdim. Balki shu qonunda men aytgan tajriba ham nazarda tutilgandir...

Davlat budjetidan madaniyat, san’at, adabiyotni rivojlantirish uchun katta miqdorda pul ajratiladi har yili. Shular to‘g‘ri sarflansin avval. Katta-katta loyihalarni kichik bo‘limlarga ajratib, ishni boshlab olsak, ko‘p vazifani bajarib qo‘yamiz.

Hukumatni emas, xalqni o‘ylaylik. Shu gap tasdig‘ini topishi kerak bo‘lsa, adabiyot, san’atga e’tibor beraylik. Keyin ijodkorlar ham butun bo‘lishi shart. Maydakash, g‘iybatchi, birovga choh qazib huzurlanadigan kimsa ijodkorman desa, hayron qolaman. Eng katta muammo – ijodkorning tanballigi, dangasaligi. O‘zi talab qilishni bilmasa, kim beradi. Bola yig‘lamasa, ona ko‘krak tutmaydi.

Yana bir taklifim bor. “El-yurt umidi” jamg‘armasi nomzodlar orasidan tarjimonlik uchun ham bitta grant ajratsin. To‘rt-besh yil o‘qib qaytgach, mana bu kitoblarni tarjima qil, deb talabini aytsin. Kimga yoqmaydi, talabgorlar topiladi.

Ochilish davridan foydalanib, amaliy ishga o‘tgandim ancha avval. Viza qulayligidan o‘rinli foydalandim. Dunyo kezdim. Ilgari viza olish uchun Tashqi ishlar vazirligi orqali chiqardingiz, qog‘ozbozligi ko‘p edi. Sayyoh-mehmon oldingi qonun bo‘yicha, albatta, mehmonxonada turishi shart edi. Hozir vaziyat boshqa. Sayyohlik yig‘imi to‘lab qo‘yilsa, bas. Bu tomonlari juda foydali. Shu choqqacha ellikdan ortiq mehmon chaqirgan bo‘lsam, oralaridan kimdir O‘zbekiston haqida kitob yozdi, taqdimotlar qildi, yaxshi taassurot bilan qaytib ketdi. Ehtimol, bu harakatni Yozuvchilar uyushmasi qilganida, “urra-urra”, medalvozlik, unvonparastlik avjiga chiqarmidi... Balki xususiy, yolg‘iz kishining harakati nazarga unchalik ham tushmas. A’zam Obidchalik kimdir nimadir qilganmi? Menga bularning medali, mukofoti kerakmas. Shunchaki odam bo‘lishsin, bag‘rikenglik qilishsin. O‘zing yaxshi ko‘rgan narsani atrofingdagilarga ulashish – bu hayotiy missiyam.

Charos Nizomiddinova suhbatlashdi.