Toshkent shahrining Uchtepa tumanida o‘zaro urushib qolgan bolalarini ajratishga chiqqan ota-onalar o‘rtasida janjal sodir bo‘ldi, deb xabar beradi poytaxt IIBB axborot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, 12-sentabr kuni Uchtepa tumanida yosh bolalar o‘zaro janjallashib qolgan. Ularni ajratishga chiqqan yaqinlari 51 yoshli L.Ya., uning qizi 26 yoshli D.I. va 32 yoshli B.R. hamda uning turmush o‘rtog‘i 40 yoshli J.R. o‘rtasida mojaro yuzaga kelgan. Kattalar bir-birini haqorat qilib, jamiyatda yurish turish qoidalarini buzgan.
Shundan so‘ng L.Ya. Uchtepa tumani IIO FMBga ariza bilan murojaat qilgan. Uning arizasi yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasi bo‘yicha fuqarolarning barchasiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va hujjatlar qonuniy qaror qabul qilishlik uchun tuman sudiga taqdim etilgan.
Shuningdek, ta’kidlanishicha, o‘zaro janjallashgan bolalardan hech kim sud tibbiy ekspertizadan o‘tmagan.
Avvalroq Andijonda maktab o‘quvchisi uch nafar tengdoshini pichoqlagani, Farg‘onada pichoq va qilichlari bo‘lgan 20 nafarga yaqin shaxs ishtirokida janjal bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)