Toshkent metropolitenida voyaga yetmagan qizga nisbatan behayo harakatlar qilgan erkak bo‘yicha surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda, deb xabar beradi IIV Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi.
Ijtimoiy tarmoqlarda metro vagonida ketayotgan qizga noma’lum erkak tegajog‘liq qilishga uringani tasvirlangan video tarqaldi. Holatni qizning o‘zi telefoni yordamida tasvirga olgan.
IIV Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasining ma’lum qilishicha, holat 18-sentabr kuni soat taxminan 17:00 larda Toshkent metropolitenining “Olmazor” bekatida sodir bo‘lgan. Poytaxtning Yangihayot tumanida yashovchi 2008-yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan, A.E.ga nisbatan noma’lum erkak tomonidan behayo harakatlar qilgani holati bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Ta’kidlanishicha, hozirda videokuzatuv moslamalari orqali noma’lum erkakning harakat yo‘nalishini o‘rganish va shaxsini aniqlash ishlari amalga oshirilmoqda.
“Hurmatli fuqarolar, agar siz ushbu fotosuratdagi erkak kishi haqida ma’lumotga ega bo‘lsangiz darhol 102 raqamiga yoki yaqin bo‘lgan ichki ishlar organiga xabar berishingizni so‘raymiz”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Sirdaryodagi maktab hojatxonasida 8 yoshli qizga nisbatan axloqsiz harakatlarni amalga oshirgan erkak 10 yilga qamalgani, Toshkentda esa liftda voyaga yetmagan qizlarga tegajog‘lik qilgan erkak 1,5 yilga qamalgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)