Toshkentning Yangihayot tumanida birorta burchakka ega bo‘lmagan bolalar bog‘chasi quriladi. Bu haqda Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 480 o‘rinli va noodatiy ko‘rinishga ega bo‘lgan bino yaqin fursatda tumanning “Yangi Choshtepa” mahalla fuqarolar yig‘inida qad ko‘taradi.
“E’tiborli tarafi, loyihaga ko‘ra birorta ham burchakka ega bo‘lmagan bino va uning xonalari shunday tuzilganki, bolajonlarning bir mashg‘ulotdan boshqasiga o‘tish uchun bino bo‘ylab harakatlanishlari, yorug‘likning to‘g‘ri taqsimlanishi, xonalar interyeri bir-birini takrorlamasligi — hammasi odamni hayron qoldira oladigan darajada bo‘ladi va chet tillarini o‘rgatishga ixtisoslashadi”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Yangihayot tumani hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu bog‘cha mahalliy budjetning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan barpo etilib, 2022-yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Izoh (0)