Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro nayrang orqali bojxona nazoratini chetlab o‘tishga uringani aniqlandi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, avtomobil ehtiyot qismlari importi bilan shug‘ullanuvchi shaxs tomonidan xorijdan olib kelingan 14 turdagi avtomobil ehtiyot qismlari tovarlarini “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirish uchun Farg‘ona viloyatidagi “Qirguli” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga taqdim etilgan yuk kuzatuv hujjatlari va bojxona yuk deklaratsiyasi asosida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan.
Unda umumiy qiymati 237 million so‘mlik 1 dona Mercedes-Benz W211 hujjatlarda avtomobil kuzovi, deb noto‘g‘ri ko‘rsatilgani, shuningdek, 15 turdagi jami 99 dona avtomobil ehtiyot qismlari hujjatlarda umuman ko‘rsatilmagani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan hozirda bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)