O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining 8-sentabr kuni o‘tkazilgan X qurultoyida O‘zbekiston Prezidentligiga partiya siyosiy kengashi raisi Bahrom Abduhalimov nomzodi qurultoy delegatlarining ko‘pchilik ovozi bilan tasdiqlandi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Qurultoyda “Adolat” SDP ham Respublika mustaqilligini mustahkamlash, mamlakat aholisiga yanada to‘kis, farovon turmush sharoitlarini yaratish, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy, ma’naviy sohalardagi islohotlarda faol ishtirok etishni maqsad qilgan siyosiy kuch sifatida ushbu saylovda munosib ishtirok etishga bel bog‘lagani ta’kidlandi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Tadbirda “Adolat” partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi masala qizg‘in muhokama qilindi. Delegatlar qurultoyda ko‘rib chiqish uchun tavsiya etilgan partiya siyosiy kengashi raisi Bahrom Abduhalimovni partiyadan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod sifatida tasdiqladi.

Kun tartibidagi ikkinchi masala yuzasidan O‘zbekiston Prezidentligiga “Adolat” SDPdan nomzod Bahrom Abduhalimov o‘z saylovoldi dasturining maqsad va vazifalari, ustuvor yo‘nalishlarini ma’lum qildi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Bahrom Abduhalimovning saylovoldi dasturidan o‘rin olgan barcha masalalar qurultoy qatnashchilari tomonidan atroflicha muhokama qilindi va delegatlar tomonidan tasdiqlandi.

Qurultoy kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ma’lumot uchun, Bahrom Abduhalimov 1959-yil 27-fevralda Toshkent shahrida tavallud topgan. Toshkent davlat universitetini tamomlagan (1981-yil). O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida kichik, katta ilmiy xodim, bo‘lim boshlig‘i, ilmiy kotib, ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, direktor, O‘zbekiston Prezidenti davlat maslahatchisi lavozimlarida ishlagan. Tarix fanlari doktori, Markaziy Osiyo tarixi va sharqshunoslik sohasidagi olim.

U 2011—2020-yillarda Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti lavozimida ishlagan. 2020-yilning oktabrida “Adolat” SDP siyosiy kengashi raisi etib saylangan.