Kruse GWS kimoshdi uyi orqali amerikalik mashhur qo‘shiqchi Elvis Preslining kiyimi 1 million dollarga sotildi, deb xabar beradi “Korrespondent.net”.
Qo‘shiqchining kombinezon va oq rangli keypi (yoping‘ich) auksionga qo‘yilgan. Musiqachi aynan shu kiyimda 1972-yili Nyu-Yorkdagi Madison Square Garden sport majmuasida konsert bergan. Metall qotirgichli eksklyuziv kiyimni Presli uchun dizayner Bill Belyu yaratgan.
Savdolar avvalida lot 350 ming dollarga baholangan. Elvisning kiyimi uchun buncha pulni bergan insonning shaxsi oshkor etilmagan.
Auksionda ushbu kostyumdan tashqari, qo‘shiqchining sochlari solingan banka, poygachilar shlemi, smokingi, poyabzallari, notalar tushirilgan daftari va elektroustarasi sotilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2017-yilda Julien’s Auctions Elvis Presliga tegishli bo‘lgan to‘g‘nog‘ichni 205 ming dollarga, 2020-yilda gitarasini 1,32 million dollarga sotgan edi.
Izoh (0)