Namanganning Pop tumanidagi Chodak qishlog‘i viloyatning Nanay, G‘ova, Parda Tursun kabi go‘zal va bahavo manzillaridan. Yoz oylari bu yerdan mehmonlarning qadami arimaydi. Shu sababli bu hudud haqida ko‘pchilik eshitgan, biladigandek tasavvur uyg‘onadi. Biroq Chodakning hali o‘rganilmagan qirralari, ochilmagan sirlari ko‘p. “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev qishloqqa safari davomida bunga amin bo‘ldi.
Tarixingdir ming asrlar ichra pinhon....
Chodakning tarixi bir necha ming yilga borib taqaladi. Shu ma’noda bu yerni Namangan viloyatining eng ko‘hna manzillaridan biri sifatida e’tirof etish mumkin. Qamchiq dovoni yaqinida o‘rnashgan qishloq nomi “joyitag”, ya’ni “pastlikdagi hudud” atamasidan kelib chiqqani aytiladi.Chodakda zardo‘shtiylik va islom dini bilan bog‘liq joylar ko‘p. Bu yerdagi “Chir-chir momo”, Ismoil Atoiy, Bobo Yusuf Hamadoniy ziyoratgohlari, Shayx Sulaymon Mahjur maqbarasi, Podsho Xo‘ja mozori, Mug‘xona, “Kelinchak tosh” obidalari uzoq yillik tarixdan so‘zlaydi.
Bugungi kunda Chodak tarkibida 9 ta mahalla bo‘lib, ularda aksariyati tojik millatiga mansub 30 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Qishloqning hududi katta, shunga yarasha aholisi ham zich. Buni quyidagi raqamlardan ham anglasa bo‘ladi: Pop tumani Namangan viloyati hududining qariyb yarmini tashkil etadi. Chodak esa shu ulkan hududning uchdan biriga teng.
Pop tumanida har bir kvadrat kilometrga 76 kishi to‘g‘ri kelsa, Chodakda bu ko‘rsatkich 2943 kishini tashkil etadi. Ya’ni bu yerda aholi tumanning boshqa hududlariga nisbatan 20—30 barobar zich joylashgan.
Qishloq aholisi, asosan, dehqonchilik, chorvachilik va mehmonlarga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanib keladi. Pop tumanida bugungi kunda 152 ta oilaviy mehmon uyi rasman faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ularning 148 tasi Chodakda joylashgan.
“Mehmonlarni kutib-kuzatib, oilamizni boqyapmiz”
Gulbahor Bahorova Chodakning “Guliston” mahallasidagi “Duob” oilaviy mehmon uyi ish yurituvchisi. Bu yerdagi 6 ta xona oldidagi so‘rilari bilan birga mehmonlar ixtiyorida.“Turmush o‘rtog‘im, o‘g‘lim, kelinim, qizlar, hammamiz shu bilan bandmiz. O‘zimizni o‘zimiz ish bilan ta’minlayapmiz-da! Asli, mavsum ko‘p davom etmaydi, asosan, uch oy — iyun, iyul va qisman avgust. Mehmonlardan bir kun uchun jon boshiga 10—15 ming so‘mdan olamiz. Qishloqda bundan arzonlari ham, qimmatlari ham bor. Topgan pulimizni yana shu yerga sarflayapmiz: isitish tizimi o‘tkazib, har bir xonaga televizor, muzlatgich qo‘ymoqchimiz. Lekin aslida odamlar bu yerga televizor ko‘rgani yoki muzlatgichni yeguliklar bilan to‘ldirgani emas, Chodakning toza havosidan nafas olish, jaziramada jon saqlash uchun kelishadi”, — deydi Gulbahor opa.
Salkam 90 yoshni qarshilagan poplik Mavlon ota Mirzatillayev Chodakka oilaviy — farzandlari va nevara-evaralari bilan kelibdi.
“Bu yerda bir kun dam olgan odamning bir yillik charchog‘i chiqadi, desam ishonavering. Shuning uchun nafaqat Namangan, balki Farg‘ona va Andijon, buyog‘i Toshkentdan ham mehmonlar kelaveradi. Bir kelgan odam yana shu joylarga talpinadi, qandaydir ohanrabosi bor. Men ham bu yerda o‘zimni xuddi yoshligim qaytib kelgandek, tanamga quvvat kirgandek sezaman”, — deydi Mavlon ota.
Rishtonlik o‘qituvchi Komiljon Nabiyevning aytishicha, joriy yilgi mavsumning o‘zida Chodakda beshinchi bor bo‘lishi.
“Bu yerga ancha yillardan beri kelamiz. Havosi, tabiati, iqlimi yoqadi. Ayniqsa, tongda juda ajoyib: qushlarning sayrashi, tog‘ manzarasi, toshlar oralab oqayotgan suvlar kishiga zavq beradi, charchog‘ini yozadi. Qishloq odamlari ham sodda, samimiy. Dam olish uchun to‘lanadigan pul ham kishiga malol kelmaydigan darajada”, — deydi Komiljon.
Tog‘ yonbag‘ridagi kema va izvosh
Chodakda ko‘ngilochar maskanlar ham ko‘p. Ulardan biri shoirona tarzda “Baxt pillapoyalari”, xalq tilida esa “Sharshara” deb nomlanadi. Bu yerga borish uchun olis va tosh-tuproq yo‘llari, xavfli burilishlari sabab, asosan, kajavali mototsikl xizmatidan foydalaniladi.
Mototsikl egalari esa ko‘proq odam sig‘ishi uchun temir kajavani olib tashlab, yog‘och taxta o‘rnatib, ko‘rpacha solib qo‘yishadi. Qarabsizki, bir kishi sig‘ishi mumkin bo‘lgan joyda uch-to‘rt kishini olib ketish mumkin.
Chodakning “Guliston” mahallasida yashovchi Dilshod Hozirovning aytishicha, mahallada kamida 200 ta shunday mototsikl bor. Chodak bo‘yicha esa ularning soni 500 tadan oshadi.
“O‘zim ham 25 yildan beri mototsikl haydayman. Kuniga sharshara tarafga uch marotaba borib qaytaman. To‘rt-besh kishini olib ketamiz. Bordi-keldi o‘rtacha kishi boshiga 20 ming so‘m. Mavsumda shu orqali oyiga 1,5 million so‘mgacha topaman. Qolgan payt bog‘ va chorva bilan shug‘ullanaman. Mototsiklda yo‘lovchi tashish, avvalo, qo‘shimcha daromad, qolaversa, shunga o‘rganib qolganman. Mana endi o‘g‘lim ham bu ishni qo‘limdan olyapti”, — deydi Dilshod Hozirov.
Dilshodbek bilan biz ham o‘sha mashhur sharsharaga chiqdik. Tog‘ yonbag‘ridan pastga qarab shitob bilan suv oqib turibdi. U yerga hatto kichikroq kemani ham o‘rnatib qo‘yishibdi. Undan sal pastda nihoyatda chiroyli izvosh ham bor. Izvoshning yoniga o‘rnatilgan to‘shamadan to pastgacha mazza qilib sirg‘anib tushish mumkin. Go‘zal manzara, yosh-yalang ko‘p, qo‘shiq va raqslar ham avjida.
Sharsharaning yuqori qismidan esa Chodak kaftdek namoyon bo‘ladi. Uning go‘zalligi va tarovatidan bemalol to‘yib-to‘yib bahra olish mumkin.
Aytgancha, shu atrofda ikki tog‘ o‘rtasiga tortilgan sim arqon ham bor. Yuragi dov berganlar arqonga o‘rnatilgan o‘rindiqqa joylashib, qarama-qarshi tomonga yo‘l oladi. Mana sizga ekstrim, ana sizga drayv.
O‘qilmagan kitob, ochilmagan sahifalar
Yuqorida aytganimizdek, Chodak bir necha ming yillik tarixga ega qadimiy qishloq. Lekin hali-hanuz mukammal o‘rganilmagan. Ta’bir joiz bo‘lsa, tadqiqotchilar uchun ochilmagan kitob.Aytaylik, qishloqda mug‘xona deb ataladigan ko‘plab tosh kulbalarni uchratish mumkin.
Kimdir bu yerlarda qadimgi odamlar istiqomat qilgan deya taxmin qilsa, yana kimdir boshqa maqsadlarda foydalanilgani haqidagi fikrni ilgari suradi.
Chodakda “Kelinchak tosh” deb ataladigan g‘aroyib tabiat asari ham bor. Rivoyat qilishlaricha, qadim zamonlarda bir qabiladan ikkinchisiga kelin olib ketilayotganda karvonga qaroqchilar hujum qiladi. Karvonda ketayotganlarning ko‘pchiligini o‘ldirishadi, kelinchak esa qochadi va tog‘ yonbag‘riga yashirinadi. Ammo qaroqchilar u berkingan manzilni topib, yaqinlasha boshlaydi. Shunda kelinchak “Xudoyim, bularning qo‘liga tushgandan ko‘ra meni toshga aylantir” deya iltijo qiladi. Uning iltijosi ijobat bo‘ladi.
Qishloqda bunday afsona va rivoyatlarga qorishiq maskanlar juda ko‘p. Ular tarixchi va arxeologlar, folklorshunoslar tomonidan jiddiy o‘rganilsa, ayni muddao bo‘lar edi.
Chodak turizm qishlog‘iga aylanadi
O‘tmishi boy va go‘zal bo‘lgan Chodak oxirgi yillarda biroz e’tibordan chetda qolgan edi. Shu sabab bu manzildan murojaat va e’tirozlar ko‘p bo‘lgan. Hozirgi kunga kelib munosabat va manzara butkul o‘zgardi. Joriy yil aprel oyida hatto hukumatning Chodakni rivojlantirish bo‘yicha maxsus qarori ham qabul qilindi.Pop tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Furqat Ermatovning aytishicha, ushbu qaror doirasida umumiy qiymati 280 milliard so‘m bo‘lgan 257 ta loyiha amalga oshiriladi. Buning natijasida 1000 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi, yo‘llar obod bo‘lishi, elektr va ichimlik suvidagi muammolar barham topishi, yangi maktab, bog‘cha va sport inshootlari qurilishi, asalarichilik, echkichilik rivojlantirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Eng asosiysi, Chodak turizm qishlog‘iga aylantiriladi va buning uchun zarur infrastruktura yaratiladi.
Chodakda ushbu loyihalardan ayrimlari allaqachon boshlandi ham. Jumladan, “Apart Hotel Kosmos” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Chodakning eng yuqori qismida zamonaviy mehmonxona va dam olish zonasi qurilmoqda. Bu yerdan mehmonlar uchun shinam xonalar, kuzatuv maydonchalari, trenajyor zali, basseyn, fitobar, restoran va avtoturargoh o‘rin oladi.
Chodakka borganimizda eng istiqbolli va jozibali yo‘nalishlardan biri bo‘lgan ushbu loyiha jadal amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘ldik. Asosiy maqsad esa Chodakni nafaqat yoz oylarida, balki yil bo‘yi mehmonlarga xizmat ko‘rsatadigan hududga aylantirish.
Xullas, ko‘hna Chodakda ana shunday gaplar. Namanganga yo‘lingiz tushsa, bu qishloqni chetlab o‘tmang. Keling, ko‘ring, go‘zal tabiatidan bahramand bo‘ling. Shundan so‘ng kelgusi gal bunday chorlovimizga o‘rin qolmasligi aniq...
Izoh (0)