Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov 16-avgust kuni o‘tkazilgan brifingda Markaziy Osiyo va qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyat tez sur’atlarda o‘zgarayotganini, OAV vakillariga bu borada turli feyklarga ishonib, axborot tarqatmaslikni ta’kidladi, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“15-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbatda Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat bo‘yicha ham fikr almashildi. Ikki mamlakat idoralari o‘rtasida mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan yaqin aloqalar va hamkorlikni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Shu o‘rinda, men hurmatli jurnalistlarimizga aytmoqchiman. Albatta, Afg‘onistondagi vaziyat hammaning diqqat-e’tiborida, hamma uni yoritishga harakat qilyapti. Lekin bu mavzuda spekulyatsiyaga yo‘l qo‘ymaslikka, ishonchsiz manbalardagi gaplarni tarqatmaslikka chaqiraman.

Mana, kecha Tashqi ishlar vazirligi Afg‘oniston—O‘zbekiston chegarasidagi vaziyat haqida rasmiy bayonot berdi. Bundan keyin ham o‘z vaqtida axborot berib boradi. Ilgari bunday vaziyatlarda rasmiy idoralar xalqimizga tegishli ma’lumotni yetkazib bermagan, bu birinchi marta.

Biz jurnalistlar va vatandoshlarimizga ma’lumotlar o‘z vaqtida yetkazilishini ta’minlaymiz. Sizdan iltimos, turli feyklarga ishonib, noto‘g‘ri axborotlarni tarqatmang. Bizning pozitsiyamiz shundan iborat, materiallarimiz shunga muvofiq bo‘lishi kerak”, — dedi Asadov.