Ijtimoiy tarmoqda yo‘l-patrul xizmatining maxsus avtomobili qarama-qarshi yo‘nalishda, ko‘k va qizil rangli yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqchasini yoqib harakatlangani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan YHXBB ma’lumot berdi.
Qoidalarga ko‘ra, ko‘k yoki ko‘k va qizil rangli yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqchasi yoqilgan transport vositalarining haydovchilari kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarayotib, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sharti bilan qoidalarning VII bobi (svetofor va tartibga soluvchining ishoralari), IX—XVI (harakatlanishni boshlash, yo‘nalishlarni o‘zgartirish, yo‘lning qatnov qismida transport vositalarining joylashuvi, harakatlanish tezligi, quvib o‘tish, to‘xtash va to‘xtab turish, chorrahada harakatlanish ), XIX–XX (avtomagistrallarda harakatlanish, turar joy dahalarida harakatlanish) boblari hamda yo‘l belgilari va chiziqlari talablaridan chetga chiqishlari mumkin.
Hozirda video yuzasidan surishtiruv olib borilmoqda.
Bundan avval Sirdaryoda YPX xodimining “vstrechniy” yurgani tasvirlangan videoni tarqatgan haydovchi qamoqqa olingani, Toshkentda Lacetti’larni orqamacha haydaganlarning xulqi ular yashaydigan mahallada muhokama qilingani hamda Chilonzorda IIBB xodimi boshqaruvidagi Cobalt YTH sodir etgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)