Turkiyada koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq vaziyat keskinlashishda davom etmoqda: bir necha hafta avval yangi to‘lqin boshlangan, sutka davomida virus bilan zararlanganlar soni 20 mingga yetgan. Kasallanganlar orasida turk seriallari yulduzi Tuba Buyukustun ham bor.
Aktrisa Netflix platformasi uchun suratga olinayotgan “Another Self” loyihasining suratga olish maydonchasida koronavirus yuqtirib olingani haqida xabar berilgan. Biroz muddat kasalxonada bo‘lgan Tuba uyiga qaytgan va ambulator sharoitda davolangan. Avvalroq Tuba obunachilariga quyidagicha murojaat qilgan edi:
“Mening koronavirus yuqtirib olganim haqidagi xabar to‘g‘riligini ma’lum qilmoqchiman. Shifoxonada men bilan birga bo‘lgan shifokorim, hamshira va yordamchilarga o‘z minnatdorligimni bildirmoqchiman. Yaxshiyam sizlar borsiz. Ayni vaqtda uydaman va menda hammasi yaxshi”.
Sevimli aktrisasining ahvoli yaxshilanganidan muxlislar xursand bo‘lgan, ammo keyinroq ijtimoiy tarmoqda tarqalgan qon quyish apparatining surati kuzatuvchilarni vahimaga solgan. Muxlislar Tubani ahvoli yomonlashgani va shifoxonaga qaytib koronavirus infeksiyasi keltirib chiqargan asoratlardan davolanayotganini taxmin qilgan. Tubaning o‘zi salomatligi haqida boshqa hech qanday ma’lumot bermagan.
Ma’lumot uchun, “Osiyo” seriali yulduzi “Emmi” mukofotiga nomzodi qo‘yilgan ilk turk aktrisasi hisoblanadi. 11 ta serial va 3 ta to‘liq metrajli filmda suratga tushgan Tubaning ismi 2018-yilda Turkiyaning eng yaxshi aktrisasi uchligidan o‘rin olgan. Shuningdek, model sifatida ham tajribasi bor bo‘lgan yulduz “Pul va gul ishqi”, “Jasur va go‘zal” singari loyihalardagi roli bilan mashhur.
Izoh (0)