O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 23-iyun kuni telefon orqali muloqot qilib, Markaziy Osiyodagi vaziyat yuzasidan fikr almashgandi. Davlat rahbarlari bugungi kunda qo‘shni Afg‘onistonda, xususan, uning shimoliy va shimoli-sharqiy viloyatlarida, ikki mamlakatning Afg‘oniston bilan davlat chegarasi o‘tadigan hududlari bo‘ylab vujudga kelayotgan tahlikali vaziyatni ham muhokama qildi, deb yozmoqda Tojikiston prezidenti matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, prezidentlar ushbu mamlakat bilan chegara chizig‘idagi vaziyatni juda keskin deb baholadi. Davlat rahbarlari Afg‘onistonaro tinchlik jarayonini ilgari surish va qo‘shni Afg‘onistonda tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan birgalikdagi sa’y-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldi. Tomonlar ushbu yo‘nalishdagi harakatlarni muvofiqlashtirishni davom ettirishga tayyorligini tasdiqladi.
Suhbat davomida mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik boshqa dolzarb masalalar ham muhokama qilingan.
Bundan avval “Tolibon” Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradagi hududini egallab olgani hamda tojik-afg‘on chegarasidagi vaziyat keskin deb baholanayotgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)