10-iyun kuni qamoqdan ozod qilingan xonanda Jasur Umirov ijodga qaytdi. Uning bir muddatlik tanaffusdan so‘ng ijro etilgan qo‘shig‘i 22-iyun kuni muxlislari e’tiboriga havola etildi. Qo‘shiq so‘zlaridan uning qamoqda yozilgani anglashiladi. Taronada xonandaning do‘stlaridan hafasalasi pir bo‘lgani kuylanadi.

“Oy ham botar, quyosh ham botar,

Insonlar pul uchun vijdonini sotar.

To‘rt tomonim devor alamda yotar,

Xudoning kunlari birma-bir o‘tar.

Tepadagi akalar har tomon qochar,

Bugun do‘st-u, dushman yuzlarin ochar.

Meni sindira olmaysiz kelsa ham xatar,

Faqat ota-onalar kun sanab kutar.

Hatto sevgan yoring kutmaydi, ketar.

Narkomanning va’dasiga,

Fohishani ko‘z yoshiga,

Do‘stlaringni olqishiga

Ishonma, ishonma”, — deyiladi qo‘shiqda.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning 2-fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudida bo‘lib o‘tgan sud majlisida Jasur Umirov Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 1-qismi bilan aybli deb topilib, unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi.  2021-yilning 9-iyun kuni u qamoqdan ozod etildi, unga nisbatan chiqarilgan ozodlikdan mahrum qilish jazosi ozodlikni cheklash jazosiga o‘zgartirilgan.