Tojikistonning Xatlon viloyati Panj tumani bilan chegarada joylashgan Afg‘onistonning Qunduz viloyatidagi Imom Sohib tumani “Tolibon” tomonidan egallab olindi. Bu haqda Afg‘onistonning Qunduzdagi jurnalisti Ajmal Kokarga tayanib, Asia-Plus xabar berdi.
Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, “Tolibon” tuman hududini egallab olgan va endilikda Qunduz shahrini qamal qila boshlagan.
“Shaharga kiraverishdagi darvoza allaqachon toliblar qo‘lida, shaharning o‘zi qamalda. Shaharda vaziyat keskinlashib bormoqda”, — dedi Kokar.
Shuningdek, u hozircha ko‘rilgan zararlar haqida xabar berilmaganini aytdi. “Hech qanday yo‘qotish bo‘lmasligi mumkin, chunki hukumat qo‘shinlari orqaga chekinmoqda”, — dedi u.
Ajmal Kokarning aytishicha, “Tolibon” Imom Sohib tumanini qo‘lga olish orqali Tojikiston bilan chegaradagi posyolka va daryo porti bo‘lgan Sherxon Bandarga yaqinlashgan.
Afg‘onistonda so‘nggi bir necha oy ichida ko‘plab hududlar “Tolibon” qo‘liga o‘tdi. Birgina so‘nggi ikki-uch kun ichida bu mamlakatda hukumat kuchlari 15 ta tumanni tark etishga majbur bo‘ldi.
Asia-Plus xabariga ko‘ra, Tohor viloyatining Tojikiston bilan chegaradosh 8 ta tumani ham allaqachon “Tolibon” tomonidan egallangan.
Izoh (0)